Asosli va dolzarb tashabbuslar ilgari surildi

Bugun Samarqandda bo‘lib o‘tgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammitida davlatimiz rahbari nutq so‘zladi va so‘nggi yillarda chuqur tarixiy ildizlarga ega bo‘lgan munosabatlarimiz hozirgi zamon sharoitida jadal rivojlanayotgani va har tomonlama mustahkamlanayotganini alohida ta’kidladi.

Nutqni tinglab, unda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, fan va ta’lim sohalarini rivojlantirishga qaratilgan asosli va dolzarb tashabbuslar ilgari surilgani guvohi bo‘lish mumkin.

Bilamiz, Yevropa Ittifoqi dunyodagi eng rivojlangan mintaqaviy integratsiya bloki hisoblanadi. Integratsiyaning barpo etilishi sohasidagi reja va tizimli ishlar Yevropa Ittifoqi doirasida iqtisodiy va siyosiy ittifoq shaklida o‘zining ijobiy natijalarini berdi. Bugungi kunda dunyoda yuzaga kelayotgan turli tahdid va muammolarga qaramay, Yevroittifoqqa xos integratsiya jarayoni o‘zining hayotiyligini ko‘rsatmoqda.

Shu ma’noda davlatimiz rahbari tomonidan investitsiyalarni himoya qilish va rag‘batlantirish to‘g‘risidagi ko‘ptomonlama bitimni imzolash, xususiy sektor vakillarini keng jalb etgan holda “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” qo‘shma savdo palatasini ishga tushirish, kichik va o‘rta biznes loyihalarini, avvalo, ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shma mintaqaviy dasturlarni qabul qilish tashabbuslari eng to‘g‘ri yo‘l deb bilamiz va uni to‘la qo‘llab-quvvatlaymiz.

Yana bir gap. Kuni kecha Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev, Yevropa Kengashi Prezidenti Antoniu Koshta va Yevropa Komissiyasi Prezidenti Ursula fon der Lyayen huzurida mamlakatimizda Yevropa investitsiya bankining mintaqaviy ofisini tashkil etish to‘g‘risida bitim imzolandi.

1958 yilda tashkil etilgan Yevropa investitsiya banki – Yevropa Ittifoqining yetakchi moliyaviy instituti – mintaqaviy ofisining O‘zbekistonda ochilayotgani quvonarlidir. Bu, birinchi navbatda, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tibori yuksalayotgani, nafaqat mintaqaviy, balki global tashqi siyosatimiz sifat jihatidan butunlay yangi bosqichga ko‘tarilayotganining yorqin namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Ikkinchidan, ofisning Toshkent shahrida ochilishi o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish, O‘zbekistonda va umuman Markaziy Osiyoda “yashil” iqtisodiyot, innovatsion sanoat va zamonaviy infratuzilmani rivojlantirishga jalb etilayotgan investitsiyalar hajmini oshirish imkonini beradi.

Albatta, kichik bir maqolada Prezidentimiz nutqidagi barcha jihatlarni va ularning global ahamiyatini atroflicha bayon qilishning imkoni yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, bizningcha nutqda ilgari surilgan tashabbus va takliflar O‘zbekistonning xalqaro maydonda o‘z so‘zi va o‘rniga ega bo‘lib borayotganini va oldiga qo‘ygan maqsadlarga erishish uchun to‘g‘ri yo‘ldan borayotganini namoyon qilmoqda.

Xulosa sifatida shuni aytish zarurki, tashqi siyosat sohasidagi faoliyatimiz, avvalo, xalqimiz va Vatanimiz manfaatlari har tomonlama hisobga olingan holda amalga oshirilmoqda. Zero, Yangi O‘zbekiston – inson huquq va erkinliklari borasida umumtan olingan prinsiplariga qat’iy amal qilgan holda jahon hamjamiyati bilan do‘stona hamkorlik tamoyillari asosida rivojlanadigan, pirovard maqsadi xalqimiz uchun erkin va farovon hayot yaratib berish bo‘lgan davlatdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish