O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Fan, ta’lim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi tomonidan bolalarga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlar sifatini o‘rganishga qaratilgan parlament nazorati ishlari bosqichma-bosqich olib borilmoqda.
Mazkur nazorat tadbirlari doirasida Qo‘mita raisi o‘rinbosari O‘zbekiston Qahramoni O.Ataniyazova boshchiligidagi ishchi guruh Namangan viloyatida bo‘lib, bolalar uchun yaratilgan tibbiy xizmat sharoitlarini o‘rgandi.
Yurtimizda so‘nggi yillarda bolalar salomatligini muhofaza qilish, diagnostika va davolash tizimini yanada takomillashtirish, zamonaviy telemeditsina va raqamli texnologiyalarni joriy etish yo‘nalishida keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda mamlakat bo‘ylab 12,9 milliondan ortiq bolalar 824 ta oilaviy shifokorlik punkti, 984 ta poliklinika va 233 ta bolalar davolash muassasasi orqali tibbiy xizmat bilan qamrab olingan. Shuningdek, hududiy darajada jami 4247 o‘ringa ega bo‘lgan 13 ta bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari faoliyat yuritmoqda.
Namangandagi o‘rganishlar davomida maktabgacha ta’lim tashkilotlari, umumta’lim maktablari, davlat va xususiy tibbiyot muassasalarida bolalar uchun yaratilgan sharoitlar o‘rganilib, ularning mavjud imkoniyatlari va ehtiyojlari tahlil qilindi. Ayniqsa, Namangan viloyat bolalar ko‘p tarmoqli shifoxonasining gematologiya bo‘limi, tez tibbiy yordam xizmati, shuningdek, maktablardagi birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish holatiga alohida e’tibor qaratildi.
Tahlillar natijasida bolalar uchun ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmat sifatini yanada yaxshilash, dori-darmonlar bilan ta’minot darajasini oshirish, tibbiy jihozlar bilan zamonaviylashtirish, shuningdek, tizimda raqamlashtirish jarayonlarini jadallashtirish bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqildi.
Qo‘mitaning parlament nazorati tadbirlari Qoraqalpog‘iston Respublikasida ham davom ettirilishi rejalashtirilgan.