Joriy yilning 17-sentabr kuni Samarqand shahrida “Demokratik taraqqiyotda fuqarolik jamiyati institutlarining ahamiyati: Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasi” mavzusida Markaziy Osiyo fuqarolik jamiyati forumi boʻlib oʻtdi. Unda Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi mablagʻlarini boshqarish boʻyicha parlament komissiyasi raisi Alisher Agzamxodjayev ishtirok etib, forumning ochilishida kirish soʻzi bilan chiqdi.
Forumda Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari parlamentlari senator va deputatlari, davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari, xalqaro tashkilotlar, ekspert va tahlilchilar hamda OAV vakillaridan iborat 150 nafarga yaqin ishtirokchi qatnashdi.
Senator oʻz nutqida bugungi murakkab sharoitda fuqarolik jamiyati institutlari aholi ehtiyojlarini aniqlash, ularni qaror qabul qiluvchilarga yetkazish va yechimlarni amalga oshirishda davlatning yaqin hamkori sifatida muhim oʻrin tutishini qayd etdi.
Markaziy Osiyoning tinchligi va farovonligi nafaqat davlatlararo kelishuvlar, balki xalqlar oʻrtasidagi aloqalar, fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi va qoʻshma tashabbuslarga ham bogʻliqligi, shu bois milliy tajribalarni mintaqaviy natijaga aylantirish muhimligi taʼkidlandi.
Shu bilan birga, forum muhokamalarini amaliy yechimlarga yoʻnaltirish, davlat va fuqarolik jamiyati oʻrtasidagi muloqotni kuchaytirish, ijtimoiy loyihalarni ochiq va barqaror moliyalashtirish, jamoatchilik nazoratini takomillashtirish hamda raqamli vositalar orqali fuqarolar ishtirokini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Oʻzbekistonda inson qadri, huquq va manfaatlarini taʼminlash, fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash va jamoatchilik ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlar “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi doirasida izchil davom etmoqda. Bu borada Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida tajriba almashinuvi va fuqarolik jamiyati institutlari hamkorligi mintaqaviy ishonch, yaxshi qoʻshnichilik va umumiy taraqqiyotni mustahkamlashga xizmat qilishi taʼkidlandi.
Forum doirasida xalqchil boshqaruv va ijtimoiy sheriklik, inson manfaatlari va farovonligi, yoshlar va xotin-qizlar faolligi, raqamli transformatsiya, ekologik tashabbuslar, qoʻshma loyihalar va tajriba almashinuvi kabi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Muhokamalar uchta parallel tadbir va toʻqqizta sessiya shaklida oʻtkazilib, davlat va jamoat institutlari oʻrtasidagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha fikr almashildi.
Forumning muhim jihati Oʻzbekiston va Markaziy Osiyo mamlakatlari tajribasini oʻzaro oʻrganish, ilgʻor yondashuvlarni muhokama qilish va ularni amaliyotga tatbiq etish boʻyicha umumiy yondashuvlarni belgilashdan iborat boʻldi.
Tadbir yakunida fuqarolik jamiyati institutlarini qoʻllab-quvvatlash, davlat organlari bilan hamkorlikni kuchaytirish va mintaqaviy aloqalarni yanada rivojlantirishga qaratilgan qoʻshma tavsiyalar va rezolyutsiya qabul qilinishi belgilandi.