Inson qadrini ta’minlash bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab bergan dasturiy hujjat

Bugungi global o‘zgarishlar, ijtimoiy tengsizlik va iqtisodiy qiyinchiliklar avj olgan bir sharoitda Prezident Shavkat Mirziyoyevning ijtimoiy rivojlanish bo‘yicha Ikkinchi Butunjahon sammitidagi nutqi nafaqat O‘zbekiston, balki butun jahon hamjamiyati uchun muhim siyosiy va insonparvarlik ahamiyatiga ega voqea bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan g‘oyalar bugungi kunning dolzarb chaqiriqlariga javob beruvchi, amaliy yechimlarga qaratilgan aniq takliflar ekanligi bilan alohida ahamiyat kasb etdi.

Prezidentimiz nutqida “Inson qadri uchun” tamoyilining Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining asosiy ustuni ekani yana bir bor ta’kidlandi. Konstitutsiyamizga kiritilgan “ijtimoiy davlat” konsepsiyasi esa bu g‘oyaning huquqiy poydevori bo‘ldi.

So‘nggi yillarda amalga oshirilgan ijtimoiy islohotlar natijasida mamlakatimizda kambag‘allik darajasi 35 foizdan 6,6 foizgacha qisqardi. Bu, shubhasiz, davlat siyosatining xalq manfaatlariga yo‘naltirilganining yaqqol dalilidir.

Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi esa butun tizimni yagona markazda birlashtirib, “har bir xonadon, har bir oila” tamoyili asosida aniq manzilli yordam ko‘rsatish imkonini berdi.

Yana bir ilgari surilgan Global ijtimoiy adolat fondini tashkil etish tashabbusi dunyo miqyosida ijtimoiy tengsizlikka qarshi kurashda yangi sahifa ochishi mumkin. Birlashgan Millatlar Tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, hozirda 1 milliard 100 million aholi kambag‘allik sharoitida yashamoqda. Shunday ekan, kambag‘allikka qarshi kurashni faqat milliy islohotlar emas, balki xalqaro moliyaviy hamjihatlik asosida olib borish zarur. O‘zbekiston bu tashabbus orqali ijtimoiy adolat g‘oyasini global miqyosda amalga oshirishga da’vat etmoqda.

Nutqda ta’kidlangan ikkinchi muhim masala bu — bandlik va munosib mehnatni ta’minlashdir. Hech kimga sir emas, bugun zamonaviy texnologiyalar va sun’iy intellektning jadal rivojlanishi ish bozorida yangi talablarni keltirib chiqarmoqda. Shu boisdan, “kasbdan kasbga o‘tish” tizimini takomillashtirish, qayta tayyorlash kurslarini kengaytirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan tashqari, ta’lim tizimidagi islohotlar yoshlarni jahon standartlariga mos bilim va ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan. Prezidentning ta’lim imkoniyatlarini kengaytirish orqali ijtimoiy muammolarga samarali yechim topish masalasini kun tartibiga chiqarish haqidagi taklifi ham shunga xizmat qiladi.

Shu bilan birga, nutqda ayni vaqtdagi eng katta tahdidlardan biri — iqlim o‘zgarishi masalasiga ham alohida e’tibor qaratildi. Orol fojiasi misolida O‘zbekiston nafaqat ekologik, balki ijtimoiy muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ham ilg‘or tajribaga ega bo‘lmoqda. Orolbo‘yini ekologik innovatsiyalar va texnologiyalar hududi sifatida rivojlantirish faqat mamlakatimiz uchun emas, balki butun mintaqa uchun barqaror rivojlanishning yangi modeli bo‘lib xizmat qilmoqda.

Davlatimiz rahbarining Doha sammitidagi nutqi bu zamonaviy dunyoda ijtimoiy hamjihatlik, adolat va inson qadrini ta’minlash bo‘yicha aniq yo‘nalishlarni belgilab bergan dasturiy hujjatdir. Ushbu g‘oyalarni qonunchilik darajasida mustahkamlash, ijtimoiy siyosatni inson manfaatlariga yanada yaqinlashtirish va jahon hamjamiyati bilan faol hamkorlikni chuqurlashtirish oldimizda turgan ustuvor vazifalardan biridir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish