Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida o‘zaro hamkorlikning yangi dinamikasi ko‘rsatib berildi

Ma’lumki, davlatimiz rahbari joriy yilning 21 may kuni Budapesht shahrida bo‘lib o‘tgan Turkiy davlatlar tashkilotining norasmiy sammitida ishtirok etdi.

Prezidentimiz ushbu nufuzli sammitda nutq so‘zlab, Turkiy davlatlar tashkiloti doirasidagi amaliy hamkorlikni rivojlantirish borasida ishga solinmagan ulkan salohiyat mavjudligini ko‘rsatib o‘tdi va qator yangi takliflar bildirdi.

Xususan, tashkilot mamlakatlarining umumiy tashqi savdo aylanmasida o‘zaro savdo ulushini oshirish maqsadida “Turk-Trade” onlayn platformasini yaratish va tovar ayirboshlashni ko‘paytirish bo‘yicha amaliy dastur qabul qilish taklif etildi.

Xo‘sh, bu onlayn platforma nima beradi? Avvalo, “Turk-Trade” platformasi turkiy mamlakatlar o‘rtasida savdo operatsiyalarini raqamlashtirgan holda uni yanada soddalashtiradi. Bu platforma orqali tadbirkorlar o‘z mahsulotlari, xizmatlari va ehtiyojlari haqida ma’lumotlar yuborishi, hamkorlar topishi, elektron tenderlarda ishtirok etishi osonlashadi. Shuningdek, platformada bojxona tartib-qoidalari, standartlar, logistika yo‘nalishlari va moliyalashtirish vositalari haqida ham ma’lumot taqdim etiladi.

Ushbu platforma orqali birlashgan savdo yarmarkalari va ko‘rgazmalar tashkil etish, turkiy davlatlar o‘rtasida elektron to‘lov tizimlarini integratsiya qilish, savdo-sotiqni osonlashtirish uchun bojxona jarayonlarini muvofiqlashtirish, bevosita investitsiyalarni rag‘batlantirish va eksport-import operatsiyalariga imtiyozlar berish mumkin.

Transkaspiy xalqaro yo‘lagi orqali yuk tashish hajmining o‘sishini ta’minlash va bojxona-chegara tartib-taomillarini soddalashtirish maqsadida davlatimiz rahbari ushbu yo‘nalish bo‘ylab “yagona darcha” va “yashil yo‘laklar” tizimini tez fursatda joriy etishga chaqirdi. Ay­tish kerakki, ushbu tashabbus Sharq va G‘arbni bog‘lovchi muhim logistika arteriyasi sifatida alohida ahamiyatga egadir. Bu yo‘nalish nafaqat masofani qisqartiradi, balki yuklarni yetkazib berish muddatini ham sezilarli darajada kamaytiradi. O‘zbekiston uchun bu yo‘nalish xalqaro bozorga chiqishning eng maqbul yo‘li hisoblanadi.

“Yagona darcha” tizimini joriy etish orqali barcha ruxsatnoma, sertifikat va bojxona hujjatlarini yagona onlayn platforma orqali taqdim etish va nazorat qilish imkoni yaratiladi. Bu tizim tadbirkorlarga vaqt va xarajatni tejash, qog‘ozbozlikni qisqartirish, inson omili ta’sirini kamaytirish imkonini beradi.

“Yashil yo‘laklar” esa eksport-import operatsiyalarida o‘zini ishonchli hamkor sifatida namoyon etgan kompaniyalar uchun maxsus yengillashtirilgan tartib-taomillarni joriy etishni nazarda tutadi. Mazkur tizim orqali bunday kompaniyalar bojxona tekshiruvlaridan tezroq o‘tadi, kamroq hujjat taqdim etadi va yuklarini uzluksiz harakatlantiradi. Bu nafaqat ishonchni oshiradi, balki logistika xarajatlarini kamaytiradi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining “yagona darcha” va “yashil yo‘laklar” tizimlarini joriy etish bo‘yicha tashabbusi bu yo‘nalishni jahon standartlari darajasiga olib chiqishga qaratilgan. Zero, yuklar tezkor va shaffof tarzda harakatlanadi, tadbirkorlar uchun byurokratik to‘siqlar kamayadi va eng muhimi — O‘zbekistonning tranzit salohiyati yanada yuksaladi. Umuman olganda, norasmiy sammitda Prezidentimiz tomonidan o‘zaro hamkorlikning yangi dinamikasi ko‘rsatib berildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish