Qonun ijrosi bilan kuchli

13.09.2026 16:00
5004

Haqiqatan ham shunday. Zero, u jamiyatning bugungi ehtiyojini ifoda etadi, ertangi kuniga yo‘l ochadi. Uning har bir moddasi, har bir bandi ortida inson taqdiri, davlat manfaati, xavfsizlik va adolat mujassam.

Shu ma’noda, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘n to‘qqizinchi yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalarni navbatdagi qonunchilik jarayoni muhokamasi sifatida baholash kamlik qiladi. Negaki, ular zamirida mamlakat hayotining turli sohalarida kechayotgan yangilanishlar va jamiyat ehtiyojlaridan kelib chiqayotgan huquqiy yechimlar bor.

Yalpi majlis kun tartibidagi masalalar mamlakat hayotining turli, ammo bir-biri bilan uzviy bog‘liq yo‘nalishlarini qamrab oldi. Unda davlat tili va milliy o‘zlik masalasidan tortib, bozor munosabatlarida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish, davlat chegarasi daxlsizligini ta’minlash, jamoat xavfsizligini mustahkamlash, odil sudlovni yanada takomillashtirish, huquqiy jarayonlarni raqamlashtirish hamda O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya sohasidagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan muhim masalalar muhokama qilindi.

Bir qarashda turli sohalarga taalluqlidek ko‘ringan ushbu masalalar zamirida, aslida, yagona maqsad - inson huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilish, davlat xavfsizligi va barqarorligini ta’minlash, jamiyat hayotini zamon talablari asosida takomillashtirish hamda mamlakat taraqqiyoti uchun mustahkam huquqiy zamin yaratish g‘oyasi mujassam.

Yalpi majlis muhokamalarining o‘zbek alifbosiga oid qonundan boshlangani alohida ahamiyatga ega. Zero, til — millatning ma’naviy qiyofasi va o‘zligini ifoda etuvchi eng muhim belgilardan biri bo‘lsa, yozuv uni asrlar va avlodlar osha yetkazib beruvchi ma’naviy ko‘prikdir. Shu bois alifboga kiritilayotgan har qanday o‘zgarishni faqat harflar shakli yoki ularning miqdori bilan bog‘liq texnik masala sifatida baholab bo‘lmaydi. Bu, avvalo, o‘zbek tilining ta’lim, ilm-fan, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, rasmiy hujjat aylanishi, nashriyot va raqamli makondagi imkoniyatlarini kengaytirishga daxldor muhim jarayondir.

Qonun bilan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosini amaldagi 26 ta harf va 3 ta harflar birikmasidan 28 ta harf va 1 ta tutuq belgisidan iborat shaklga keltirish nazarda tutilmoqda. Bir qarashda bu o‘zgarish texnik xarakterga ega bo‘lib ko‘rinishi mumkin. Aslida esa har qanday yozuv tizimi uning jamiyat hayotida qanday ishlashi, zamonaviy kommunikatsiya vositalari bilan qanchalik uyg‘unligi va inson uchun qanchalik qulay ekani bilan ahamiyatlidir.

 

Bugun o‘zbek tili faqat kitob, gazeta va rasmiy hujjatlar tili emas. U smartfonlar va kompyuterlar ekranida, elektron ma’lumotlar bazalarida, qidiruv tizimlari va raqamli platformalarda, zamonaviy sun’iy intellekt texnologiyalarida tobora keng qo‘llanilmoqda. Demak, tilning ertangi taqdiri uning raqamli muhitdagi imkoniyatlari bilan ham chambarchas bog‘liq. Shu ma’noda, alifboni takomillashtirish o‘zbek tilini zamonaviy axborot makoniga yanada chuqurroq olib kirish, uning raqamli texnologiyalar bilan uyg‘unligini ta’minlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida namoyon bo‘ladi.

Ayni paytda, bunday o‘zgarishlarni amalga oshirishda jamiyatning kundalik hayoti, fuqarolar va tashkilotlarning manfaatlari ham e’tibordan chetda qolmayotgani muhim. Xususan, yangi alifboga o‘tish davrida amaldagi alifbo asosida rasmiylashtirilgan hujjatlar, milliy valyuta va qimmatli qog‘ozlarning muomalada bo‘lishiga to‘sqinlik qilinmasligi, ayrim peshlavha, ko‘rsatkich va ramziy belgilardan ular yaroqsiz holatga kelguniga qadar yoki belgilangan muddatgacha foydalanishga ruxsat berilishi islohotning bosqichma-bosqich amalga oshirilishini ta’minlaydi.

Bu yondashuvning zamirida muhim bir tamoyil mujassam: tilni rivojlantirish jarayoni jamiyat hayotiga ortiqcha noqulaylik tug‘dirmasligi, aksincha, inson uchun qulaylik va yangi imkoniyatlar yaratishi lozim. Zero, yozuv o‘zgarishning o‘zi emas, uning ortida turgan maqsad bilan qadrli. Bu maqsad esa o‘zbek tilining hayotdagi mavqeyini yanada mustahkamlash, uning zamonaviy ilm-fan va texnologiyalar tili sifatidagi imkoniyatlarini kengaytirishdir.

Bozor iqtisodiyotini harakatga keltiradigan asosiy kuch raqobat. Ammo raqobatning haqiqiy samarasi faqat tovar va xizmatlar ko‘payishi yoki tanlov imkoniyati kengayishi bilangina emas, balki shu jarayonda insonning huquq va manfaatlari qay darajada himoyalangani bilan ham belgilanadi.

Senatda ko‘rib chiqilgan iste’molchilar huquqlariga oid qonun ana shu masalaning huquqiy kafolatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Hayotda shunday holatlar uchraydiki, xarid qilingan tovar dastlab tashqi ko‘rinishidan hech qanday nuqsonsizdek tuyuladi. Ammo oradan ma’lum vaqt o‘tgach, uning yashirin kamchiligi namoyon bo‘ladi. Shunda oddiy xarid bir zumda huquqiy masalaga aylanadi: nuqson qachon paydo bo‘lgan? U ishlab chiqarish jarayonida yuzaga kelganmi yoki tovarni saqlash va undan foydalanish qoidalari buzilganmi? Bunday vaziyatda kimning haq ekanini aniqlash uchun faqat tashqi ko‘rinishning o‘zi yetarli bo‘lmaydi.

Yangi qonun aynan shunday holatlarda mahsulot sifatini qo‘shimcha tekshirishning aniq huquqiy asoslarini belgilamoqda. Tekshiruvni o‘tkazish tartibi va muddati, iste’molchining jarayonda ishtirok etish huquqi, shuningdek, tekshiruv bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash mexanizmlarining belgilanishi munosabatlardagi noaniqliklarga huquqiy jihatdan oydinlik kiritadi.

E’tiborli jihati shundaki, iste’molchi bu jarayonda chetdan kuzatuvchi bo‘lib qolmaydi. U mahsulot sifatini tekshirishda shaxsan yoki o‘z vakili orqali ishtirok etishi, zarur hollarda esa mahsulotni o‘z mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha tekshirtirishi mumkin. Bu esa fuqaroning o‘z huquqini himoya qilish imkoniyatini yanada kengaytiradi.

Aslida, iste’molchi huquqlarini himoya qilish faqat alohida bir xaridorning manfaatini ta’minlash emas. Bu bozordagi munosabatlarning umumiy madaniyatini yuksaltirish masalasidir. Qaysi bozorda xaridor o‘z haq-huquqi himoyalanganini his qilsa, o‘sha yerda ishonch mustahkamlanadi. Ishonch esa halol raqobat, sifatli mahsulot va mas’uliyatli tadbirkorlik uchun eng mustahkam zamin yaratadi.

Senat yalpi majlisida ko‘rib chiqilgan masalalar orasida davlat chegarasi xavfsizligi, Milliy gvardiya faoliyati va sud-huquq tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonunlar alohida o‘rin tutadi. Garchi ular turli sohalarga tegishli bo‘lsa-da, zamirida bir maqsad — davlat xavfsizligini mustahkamlash bilan birga, fuqaroning huquq va manfaatlarini ishonchli ta’minlash g‘oyasi mujassam.

Davlat chegarasi orqali noqonuniy tonnellar qurish va ulardan foydalanish uchun alohida javobgarlik belgilash zamonaviy tahdidlarga huquqiy javobdir. 2016–2025-yillarda 12 ta shunday tunnel aniqlangani muammoning amaliy ahamiyatini ko‘rsatadi. Yangi normalar nafaqat bunday jinoyatlarning oldini olish va ularga qarshi kurashishni kuchaytirish, balki jinoyatni fosh etishga ixtiyoriy ko‘maklashgan shaxslarga nisbatan insonparvarlik tamoyilini qo‘llash imkonini ham nazarda tutadi. Bu esa jazo va profilaktika o‘rtasidagi huquqiy muvozanatni ta’minlaydi.

Milliy gvardiyaga oid o‘zgartishlarda esa vakolat va mas’uliyat uyg‘unligiga urg‘u berilmoqda. Jamoat xavfsizligini ta’minlashda uning vazifalari aniqlashtirilar ekan, harbiy xizmatchilarning fuqarolar bilan muloqot qilish tartibi ham belgilab berilmoqda. Ya’ni xavfsizlikni ta’minlash fuqaroning huquqlarini cheklash hisobiga emas, qonun va ochiqlik asosida amalga oshirilishi lozim.

Sud-huquq sohasidagi o‘zgartishlar esa adolatni insonga yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Nizosiz talablarni notarius orqali hal etish imkoniyatlarining kengayishi, ijro hujjatlarini elektron shaklda yuborish va sud hujjatlari ijrosiga oid mexanizmlarni aniqlashtirish ortiqcha ovoragarchilik va qog‘ozbozlikni kamaytirishga qaratilgan.

Xalqaro aviatsiya sohasiga oid bayonnomalarning ratifikatsiya qilinishi esa masalaning yana bir tashqi va global ahamiyatini namoyon etadi. O‘zbekistonning xalqaro aviatsiya tashkilotlari bilan hamkorligini mustahkamlashi mamlakatning transport, turizm, investitsiya va logistika imkoniyatlarini kengaytirish bilan birga, xalqaro maydondagi manfaatlarini ilgari surishga ham xizmat qiladi.

Xulosa qilib aytganda, yalpi majlisdagi qonunlarning har biri alohida sohani tartibga solsa-da, ularni birlashtiruvchi umumiy jihat bor. Ya’ni xavfsiz davlat, ishonchli huquqiy muhit va inson manfaatiga xizmat qiladigan samarali boshqaruv tizimini shakllantirishdir.

Qonunning haqiqiy kuchi ham shunda. U qog‘ozda qolib ketmasdan, chegarada xavfsizlik, ko‘chada tartib, sudda adolat, bozorda ishonch va xalqaro maydonda milliy manfaat sifatida namoyon bo‘lishi kerak.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish