“Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti: iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishda muhim qadam

Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti mintaqalar o‘rtasidagi o‘zaro aloqa yangi darajaga ko‘tarilayotganini va bunda O‘zbekistonning alohida o‘rni borligini dunyo hamjamiyati yana bir bor guvohi bo‘lmoqda. Bu esa keyingi yillarda mamlakatimiz tashqi siyosatida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijasidir desak to‘g‘ri bo‘ladi. Zero, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda ham O‘zbekiston davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan ikki va ko‘p tomonlama munosabatlarni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tinchliksevar tashqi siyosatni amalga oshirishi alohida qayd etilgan.

Aytish kerakki, ushbu sammitning davlatlar o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yanada rivojlantirishdagi ahamiyati juda yuqori. Negaki, so‘nggi yillarda Yevropa Ittifoqi Markaziy Osiyo davlatlari bilan savdo va investitsiyaviy aloqalarni mustahkamlashga e’tibor qaratmoqda.

Oxirgi yetti yilda Markaziy Osiyo davlatlari bilan YI o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi to‘rt barobarga oshib, 54 milliard yevroni tashkil qildi. Biringina O‘zbekistonning 2024 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlari bilan tovar ayirboshlash hajmi 2023 yilga nisbatan 5,2 foizga o‘sib, qariyb 6,5 milliard dollarga yetdi. Hozir O‘zbekistonda Yevropa kapitali ishtirokidagi mingdan ortiq korxonalar faoliyat yuritmoqda, investitsiya loyihalarining umumiy hajmi 30 milliard yevroni tashkil etadi.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga qiziqishini ortishiga mintaqamizni Sharq va G‘arb, Shimol va Janub o‘rtasidagi asosiy yo‘nalishlarning geosiyosiy muhim chorrahasida joylashgani ham sabab bo‘lmoqda.

Markaziy Osiyo nafaqat Yevropa va Osiyo o‘rtasida “ko‘prik”, balki global iqtisodiy jarayonlarning faol ishtirokchisi ham hisoblanadi. Shuningdek, Yevropa Ittifoqining Markaziy Osiyoga qiziqishining yana bir sababi bu – Markaziy Osiyoning so‘nggi yillarda chuqur o‘zgarishlarni boshdan kechirgani va konstruktiv muloqot, ishonch va har tomonlama hamkorlik maydoni sifatida dunyo mamlakatlariga o‘zini ko‘rsatgani ham bo‘lmoqda.

Tan olish kerak, davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi bilan so‘nggi yillarda qo‘shni davlatlar bilan barcha sohalardagi aloqalarimiz mustahkamlandi. Kuni kecha Tojikistonning Xo‘jand shahrida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasidagi davlat chegarasini delimitatsiya qilish masalasi to‘liq hal etilgani ham bunga yorqin isbotidir.

Bir so‘z bilan aytganda, ushbu Sammit Markaziy Osiyo davlatlarida ishlab chiqarilayotgan tovarlarning Yevropa bozorlariga chiqishini yaxshilashga, shuningdek yevropalik hamkorlar uchun Markaziy Osiyoda kichik va o‘rta biznesning rivojlanishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish orqali iqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va aholi turmush darajasini oshirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish