O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva Budapeshtdagi Qahramonlar maydonidagi Noma’lum askar yodgorligi poyiga gul qo‘ydi. Shu bilan Vengriya xalqining ozodlik uchun kurashgan himoyachilari xotirasiga hurmat bajo keltirildi.
Qahramonlar maydonidagi yodgorlik katta toshli kenotafdan iborat bo‘lib, Vatan himoyachilarining mangu xotirasini ramziy ifodalaydi. Yodgorlik “Venger xalqining ozodligi va milliy mustaqilligi uchun jonini fido qilgan qahramonlar shoniga” bag‘ishlangan.
Mazkur yodgorlik dastlab 1929-yilda Birinchi jahon urushi qurbonlarini yod etish maqsadida o‘rnatilgan. 1956-yilda haykaltarosh Beyla Gebxardt loyihasi asosida qayta tiklangan, hozirgi ko‘rinishi esa 2001-yil 20-avgustda Andrash Silagiyai tomonidan yaratilgan.
Senat Raisi Faxriy mehmonlar kitobiga shunday so‘zlarni yozib qoldirdi:
“Vengriya xalqining erkinligi va milliy mustaqilligi yo‘lida jon fido qilgan qahramonlarning porloq xotirasi oldida chuqur ta’zim bajo qilaman. Ularning mardligi va fidoyiligi nafaqat Vengriya tarixining, balki butun insoniyatning bebaho merosidir. Umumiy tarixiy xotira va do‘stlik rishtalari xalqlarimizni yanada yaqinlashtiradi. Ushbu muqaddas maskanga tashrif buyurish biz uchun katta sharafdir.”