Oliy Majlis Senatida Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Komissiya raisi, Senat Raisi Tanzila Narbayeva raislik qildi.
Majlisda 2030 yilgacha mo‘ljallangan “O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” ijrosi chuqur tanqidiy tahlil qilindi. T.Narbayeva so‘zga chiqib, davlat rahbari boshchiligida xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning faolligini oshirish va salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun keng imkoniyatlar yaratilayotganini ta’kidladi.
So‘nggi yillarda bu yo‘nalishda 200 dan ortiq kompleks chora-tadbirlar amalga oshirilgani natijasida ayollarning ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy va ilmiy hayotdagi o‘rni sezilarli darajada mustahkamlandi. Xususan, oliy ta’limning bakalavr bosqichida xotin-qizlar ulushi 38 foizdan 53 foizga, magistraturada 34 foizdan 66 foizga, doktoranturada esa 584 nafardan 4 ming 129 nafarga yetdi.
Iqtisodiyot tarmoqlarida ayollarning faolligi ortib, tadbirkorlik bilan shug‘ullanayotgan xotin-qizlar soni 69 mingdan 262 ming nafarga oshdi. Siyosiy partiyalardagi ayollar ulushi 30 foizdan 41 foizga, parlamentdagi ulushi esa 16,4 foizdan 34 foizga ko‘tarildi.
Xalqaro reytinglarda ham O‘zbekistonning natijalari e’tirof etilmoqda. Parlamentlararo Ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida mamlakat 193 davlat orasida 130-o‘rindan 38-o‘ringa (92 pog‘ona) ko‘tarilgan. Jahon bankining so‘nggi hisobotida esa O‘zbekiston gender tenglik sohasida eng tez rivojlanayotgan 5 mamlakat qatorida qayd etilgan.
Majlis davomida gender tenglikka oid xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish, ularning bandligini ta’minlash, shuningdek, tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish masalalari muhokama qilindi.
Mutasaddilarga 2026-yilgacha mo‘ljallangan gender tenglik strategiyasi bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish topshirildi. Unda davlat fuqarolik xizmatida xotin-qizlar ulushini oshirish, raqamli ko‘nikmalarni rivojlantirish, iqtisodiy imkoniyatlarni kengaytirish va zo‘ravonlikning oldini olish mexanizmlarini kuchaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Shuningdek, joriy yilning 25-noyabridan 10-dekabrigacha o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan “Zo‘ravonlikka qarshi 16 kun” xalqaro aksiyasi doirasida aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, gender tenglikni targ‘ib qilishga qaratilgan tadbirlarni samarali tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Majlis yakunida tegishli vazirlik va idoralar rahbarlarining axborotlari tinglanib, istiqboldagi ustuvor vazifalar belgilab olindi.