Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Abdujabbor Rahmonzoda bilan uchrashdi.
Suhbat chog‘ida o‘zbek va tojik xalqlarini birlashtiruvchi umumiy tarix, madaniyat, din va qadriyatlar alohida taʼkidlandi. Tomonlar O‘zbekiston va Tojikiston Prezidentlarining siyosiy irodasi ikki tomonlama aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini qayd etdi.
Shuningdek, Elchining O‘zbekistondagi diplomatik faoliyati, ikki davlat munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan hissasi yuqori baholandi. Parlamentlararo hamkorlik, xalqaro parlament tuzilmalari bilan aloqalarni kengaytirish va do‘stlik guruhlari salohiyatidan samarali foydalanish masalalari muhokama qilindi.
Uchrashuv yakunida Senat Raisi Elchiga keyingi diplomatik faoliyatida muvaffaqiyat tiladi.