Joriy yilning 26-mart kuni Senatning Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi O. Kozixonova Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining (YEXHT) O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori Antti Karttunen bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida yoshlar hamda xotin-qizlarning turli sohalardagi huquq va imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha asosiy masalalar muhokama etildi. Shuningdek, tomonlar gender tenglik sohasidagi hamkorlikning muhim jihatlarini va istiqbolga mo‘ljallangan rejalarni ham ko‘rib chiqdilar.
Senat vakillari O‘zbekiston Prezidenti Sh. Mirziyoyevning qatʼiy siyosiy irodasi tufayli mamlakatda keng ko‘lamli islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshirilayotganini taʼkidlab o‘tdilar. Ushbu o‘zgarishlar davlatning siyosiy-huquqiy poydevorini mustahkamlashga, inson huquqlari institutlarini rivojlantirishga hamda jamiyatning farovonligi uchun qulay sharoit yaratishga qaratilgan.
O‘z navbatida, YEXHTning O‘zbekistondagi loyihalari koordinatori, mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlarni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi va jamiyatni isloh qilish jarayonida O‘zbekiston parlamentining roli ortib borayotganini taʼkidladi. U inson huquqlari va demokratik o‘zgarishlar sohasidagi umumiy maqsadlarni amalga oshirish uchun YEXHT va O‘zbekiston o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish muhimligini taʼkidladi.
Uchrashuv yakunida tomonlar qo‘shma loyihalarni amalga oshirish va mamlakatning demokratik qadriyatlar ruhida barqaror rivojlanishini taʼminlash uchun kelgusida hamkorlik qilishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.