O‘zbekiston-Fransiya: o‘zaro investitsiyaviy muhit yanada yaxshilanadi

Keyingi yillarda davlatimiz rahbari boshchiligida Yevropa Ittifoqining yetakchi mamlakatlari bilan ko‘p qirrali, o‘zaro foydali va pragmatik munosabatlarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Ular orasida Fransiya alohida o‘rin tutadi.

Hozirgi kunda ikki davlat o‘rtasida, ayniqsa, siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy, ilmiy-gumanitar sohalarda keng hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, bundan ikkala davlat ham o‘zaro manfaatdordir.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiya Respublikasi Prezidenti Emmanuel Makronning taklifiga binoan ushbu mamlakatga tashrifi ikki davlat o‘rtasidagi hamkorlik sohasida tub burilish yasadi, desak ayni haqiqat.

Xalqaro maydonda tobora yuksak siyosiy mavqega ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada mustahkamlash Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlarni shakllantirishda ham muhim rol o‘ynaydi. Zero, keyingi yillarda ko‘p qirrali O‘zbekiston–Fransiya munosabatlari barcha yo‘nalishlarda jadal rivojlanib bormoqda. Xususan, tovar ayirboshlash va qo‘shma korxonalar soni sezilarli ko‘paydi.

Buning natijasida o‘tgan yilda tovar ayirboshlash hajmi ilk bor 1 milliard yevrodan oshdi, qo‘shma korxonalar soni 4 barobar ko‘paydi.

Davlatimiz rahbari uzoq muddatli kooperatsiya aloqalarini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish maqsadida O‘zbekiston–Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etish va uning birinchi yig‘ilishini joriy yil iyun oyida Toshkent investitsiya forumi doirasida o‘tkazishni taklif etdi.


Bu esa mamlakatimizda investitsiya muhitini yanada yaxshilash, iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlari va boshqa muhim sohalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb qilishni kengaytirish, ilg‘or xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda sifatli investitsiya jarayonlarini tashkil etishga xizmat qiladi. Qolaversa, investitsiya va xalqaro tashkilotlarning mablag‘larini jalb etish mamlakatning iqtisodiy o‘sishini ta’minlaydi, aholi farovonligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muxtasar aytganda, bugungi globallashgan dunyoda hech qaysi davlat yakka holda rivojlana olmaydi. Faqatgina o‘zaro manfaatli hamkorlik, o‘zaro ishonch mamlakatlar taraqqiyotiga xizmat qiluvchi yagona yo‘l, desak to‘g‘ri bo‘ladi.

Shu ma’noda O‘zbekiston–Fransiya o‘rtasidagi hamkorlik ikki mamlakat uchun birdek manfaatlidir, desak xato bo‘lmaydi.

 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish