O‘zbekiston-Fransiya: sog‘liqni saqlash sohasidagi hamkorlikning yangi bosqichi

Sir emas, Fransiya tibbiyot yo‘nalishida dunyoning yetakchi davlatlaridan biri sanaladi. Xususan, diagnostika, terapevtik muolajalar va noyob jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazishda katta tajribaga ega.

Bundan tashqari, Fransiya sog‘liqni saqlash tizimi aholi salomatligining yuqori darajasi, tibbiy xizmatlardan foydalanish osonligi, davolanish uchun navbatlar yo‘qligi va butun aholi malakali tibbiy xizmat bilan qamrab olinganligi kabi mezonlar bo‘yicha JSST reytingida yuqori o‘rinlarni egallaydi.

Shu ma’noda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Fransiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi tibbiyot sohasidagi hamkorlik aloqalarini kengaytirishda mutlaqo yangi davrni boshlab beradi.

Ta’kidlash kerakki, bu boradagi amaliy hamkorlik kasalliklarni erta bosqichda aniqlash va samarali davolashda ilg‘or tibbiy hamda raqamli texnologiyalarni joriy qilish masalalari yuzasidan tajriba almashish imkonini beradi.

Yana bir e’tiborli jihati, Fransiya aholisi o‘rtasida yurak-qon tomir kasalliklaridan o‘lim ko‘rsatkichlari past darajada. Bu borada tajriba almashish aholining yurak qon-tomir kasalliklariga chalinishini oldini olishda ayni muddaodir.

Qolaversa, sog‘liqni saqlash sohasida boshqaruv menejmenti tamoyillarini joriy qilish, farmatsevtika sanoatini rivojlantirish va bu sohaga investitsiyalar kiritish, kadrlar malakasini oshirish, sanitariya xavfsizligi sohalarida ham Fransiya tajribasini o‘rganish maqsadga muvofiqdir.

Bularning barchasi tibbiyot sohasida ushbu davlat bilan hamkorlik qilish va tajriba almashish qanchalik muhimligini anglatadi.

Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, mamlakatimiz tibbiyot sohasidagi xalqaro hamkorlik geografiyasi va ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda. Buning natijasi o‘laroq, bugun dunyoning ko‘plab nufuzli tibbiyot tashkilotlari, tibbiy oliy ta’lim muassasalari va moliya institutlari bilan birgalikda qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.

Fransiya bilan o‘rnatilgan mustahkam hamkorlik rishtalari ham sog‘liqni saqlash sohasida innovatsion loyihalarni ishlab chiqish va uni amaliyotga joriy etishga xizmat qiladi.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish