O‘zbekiston – Iordaniya munosabatlarida yangi bosqich

Samarqand shahri, tarixiy va madaniy markaz bo‘lish bilan birga, so‘nggi yillarda xalqaro siyosiy maydonda muhim diplomatik maskan sifatida ham tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. 2025 yilning 25-26 avgust kunlari ushbu shaharda bo‘lib o‘tgan Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Iordaniya Hoshimiylar Podshohligi Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn o‘rtasidagi rasmiy muzokaralar ana shunday global jarayonning navbatdagi yorqin namunasi bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Tashrif yakunida qabul qilingan qo‘shma bayonot va imzolangan 15 ta ikki tomonlama hujjat nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqadi, balki Markaziy Osiyo – Yaqin Sharq hamkorligidagi yangi geosiyosiy tendensiyalar uchun ham poydevor bo‘lishiga shubha yo‘q.

Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Yangi O‘zbekiston so‘nggi yillarda ochiq eshiklar siyosatini faol amalga oshirib, tashqi siyosatda muvozanat va pragmatizmni ustuvor qilayotgan davlat sifatida xalqaro maydonda yil sayin mavqei yuksalmoqda. Iordaniya esa Yaqin Sharqda siyosiy barqarorlik va diplomatik faolligi bilan ajralib turadi. Ikki mamlakatning bir-birini geosiyosiy sherik sifatida ko‘ra boshlashi mintaqaviy barqarorlik, xavfsizlik va iqtisodiy hamkorlikni ta’minlashda o‘zaro ishonchning o‘sganidan dalolatdir.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi muzokaralar yakunida qator masalalarda hujjat imzolandi. Xususan, Ekstraditsiya to‘g‘risidagi bitim va viza rejimini bekor qilish bo‘yicha kelishuvlar xavfsizlik, huquqiy hamkorlik va insonlar o‘rtasidagi muloqotni chuqurlashtirishda muhim vosita bo‘lib xizmat qiladi.

Shuningdek, investitsiyalarni o‘zaro rag‘batlantirish va himoya qilish to‘g‘risidagi bitim, hamda qo‘shma komissiya tuzish haqidagi kelishuv ikki tomonlama iqtisodiy munosabatlarning tizimli va uzviy tarzda rivojlanishini ta’minlaydi. Iordaniya – Yaqin Sharq bozorlariga yo‘l, O‘zbekiston esa Markaziy Osiyodagi strategik iqtisodiy makon sifatida bir-biri uchun manfaatli hisoblanadi. Ayniqsa, turizm, qishloq xo‘jaligi va logistika sohalaridagi kelishuvlar amaliyotda tez samara berishi kutilmoqda.

Qolaversa, tovarlar va transport vositalari harakati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni onlayn almashish to‘g‘risidagi bayonnoma raqamli hamkorlik va chegara orqali tijorat faoliyatining samaradorligini oshirishga qaratilgan zamonaviy yondashuv namunasi hisoblanadi.

Shu bilan birga oliy ta’lim va ilmiy tadqiqotlar sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitim ikki mamlakat yoshlari va olimlari o‘rtasidagi muloqotni kuchaytiradi. Bu hamkorlik kelgusida yangi ilmiy loyihalar, akademik almashinuvlar va texnologik innovatsiyalarning asosiga aylanishi mumkin.

Din ishlari bo‘yicha idoralararo memorandum esa madaniy va ma’naviy muloqotning mustahkamlanishiga xizmat qiladi. Islom sivilizatsiyasida ulkan o‘ringa ega bo‘lgan har ikki davlatning bu sohadagi hamkorligi diniy bag‘rikenglik va ma’naviy taraqqiyotga asoslangan siyosatning ifodasidir.

Samarqand muzokaralari natijasida shakllangan hujjatlar paketi – bu shunchaki diplomatik tashrif emas, balki strategik sheriklik sari dadil qadam bo‘ldi. Davlat tashrifi doirasida qabul qilingan amaliy chora-tadbirlar rejasi esa hujjatlar qog‘ozda qolib ketmasligini, balki real natijalarga yo‘naltirilganini ko‘rsatadi.

Tashrifning yuksak darajadagi ramziy va amaliy ahamiyatini namoyon etgan muhim voqealardan yana biri davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevga Iordaniyaning oliy mukofoti “An-Nahda” (Renessans) ordeni bilan taqdirlangani bo‘ldi.

Iordaniya Podshohi Abdulla II tomonidan shaxsan topshirilgan ushbu mukofot nafaqat ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi shaxsiy ishonch va do‘stona munosabatning ifodasi, balki strategik hamkorlikning qadrlanayotganidan dalolat beradi. Prezidentimiz bu mukofotni ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish borasidagi umumiy sa’y-harakatlarimizning munosib e’tirofi, shuningdek, mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini yaratayotgan O‘zbekiston xalqiga do‘stona munosabat va hurmat ifodasi sifatida qabul qildi.

Bu e’tirof keyingi sakkiz yilda O‘zbekistonning xalqaro siyosiy maydonda tobora faol, mustaqil va ezgu g‘oyalarga tayanayotgan siyosatini xalqaro hamjamiyat tomonidan tan olinayotganidan dalolat beradi.

Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Iordaniya o‘rtasidagi munosabatlar endi yangi bosqichga ko‘tarildi. Ushbu yaqinlashuv nafaqat ikki tomonlama manfaatlar, balki keng mintaqaviy hamkorlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyot uchun ham ijobiy ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish