Rasmiy tashrif doirasida O‘zbekiston parlament delegatsiyasi Vengriyaning yetakchi farmatsevtika kompaniyalaridan biri – «Gedeon Richter» korxonasiga tashrif buyurdi. Delegatsiya ishlab chiqarish jarayonlari, ilmiy-tadqiqot ishlari va kompaniyaning kelgusi rivojlanish strategiyasi bilan yaqindan tanishdi.
«Gedeon Richter»ning 8 bo‘linmasidan 5 tasi Vengriyada, 2 tasi Rossiyada va 1 tasi Germaniyada joylashgan. Korxonada 11 mingdan ortiq xodim ishlaydi. Kompaniya jahon bozoriga 2,8 ming nomdagi dorivor vositalarni yetkazib berib, xalqaro farmatsevtika sohasida muhim o‘rin egallaydi.
MDH davlatlarida kompaniya mahsulotlarining savdo hajmida O‘zbekiston ikkinchi o‘rinda turadi. Mamlakatimizdagi yillik savdo aylanmasi 10 million AQSH dollaridan oshadi.
Uchrashuvda farmatsevtika sohasida qo‘shma ishlab chiqarish, texnologiyalar transferi va innovatsion mahsulotlar yaratish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish istiqbollari muhokama qilindi.
«Gedeon Richter»ning mintaqaviy direktori Oroz Andrash O‘zbekistonda nevrologiya sohasida qo‘llaniladigan yuqori samarali «Kariprazin» preparatining kontrakt asosida mahalliy ishlab chiqarilishini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan. Mazkur dori AQSH bozorida kompaniyaning eng muvaffaqiyatli mahsulotlaridan biri hisoblanadi.
Shuningdek, u loyiha bo‘yicha texnik va tijorat tavsiflarini muhokama qilish uchun yaqin kunlarda O‘zbekistondagi hamkorlar bilan uchrashuv o‘tkazishga tayyorligini ma’lum qildi.