O‘zbekiston Prezidenti BAA bilan yirik investitsiya loyihalarini muhokama qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni Birlashgan Arab Amirliklari energetika va infratuzilmalar vaziri Suhayl al-Mazruiy boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda BAAning “Masdar” kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil al-Ramahiy, “Etihad Water & Electricity” kompaniyasi rahbari Yusuf al-Ali hamda “TAQA Water Solutions” kompaniyasi rahbari Ahmad al-Shamsiy ham ishtirok etdi.

Suhbat avvalida vazir O‘zbekiston Prezidentiga BAA Prezidenti Shayx Muhammad Ol Nahayon, Bosh vaziri va Dubay amiri Shayx Muhammad Ol Maktum, vitse-prezidenti Shayx Mansur Ol Nahayon hamda Abu-Dabi Amirligi valiahdi Shayx Xolid Ol Nahayonning samimiy salomlarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va BAA o‘rtasidagi do‘stlik hamda strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Hamkorlik barcha yo‘nalishlarda izchil rivojlanib borayotgani qayd etildi. Xususan, tovar ayirboshlash hajmi, qo‘shma korxonalar va aviaqatnovlar soni ortib bormoqda. Hozirda ikki davlat o‘rtasidagi qo‘shma loyihalar portfeli 20 milliard dollarga yetgan.

Transport-logistika, oziq-ovqat, kon-metallurgiya, energetika va boshqa ustuvor sohalardagi yangi loyihalarni tayyorlash va amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlanishicha, so‘nggi yillarda energetika sohasida BAAning “Masdar” kompaniyasi bilan hamkorlikda O‘zbekiston hududlarida umumiy qiymati 1,5 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshirilgan.

Shuningdek, bugun Buxoro viloyatida yangi quyosh elektr stansiyasi va energiya saqlash tizimi ishga tushirilgani, Qashqadaryo viloyatida esa 600 million dollardan ortiq qiymatdagi shunday inshootlar qurilishi boshlanganiga e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida BAA kompaniyalari rahbarlari Prezidentga shamol elektr stansiyalari va energiya saqlash quvvatlarini barpo etish, gidroelektr stansiyalarini qurish hamda suv tozalash inshootlari loyihalarining borishi haqida ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish