Prezident Shavkat Mirziyoyev 17-dekabr kuni Koreya Respublikasi va Markaziy Osiyo davlatlari parlamentlari rahbarlarining uchinchi uchrashuvida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi Spikeri U Von Shik boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Uchrashuv avvalida oliy martabali mehmon Koreya Respublikasi Prezidenti Li Chje Myonning samimiy salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi strategik sheriklik, jumladan, parlamentlar hamkorligini rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Siyosiy va parlamentlararo aloqalarning jadal tus olgani qayd etildi.
Tovar ayirboshlash hajmi ortib bormoqda, Koreya Respublikasi O‘zbekistonga investitsiyalarni, xususan, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish va yuqori texnologiyali sanoat tarmoqlarini rivojlantirishga yo‘naltirmoqda.
Gumanitar va ta’lim almashinuvlari kengaymoqda. Mamlakatimizda Koreya yetakchi universitetlarining to‘rtta filiali va hududlardagi professional ta’lim markazlari muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda.
Uchrashuvda infratuzilmani rivojlantirish, transport va logistika, nodir metallar va muhim xomashyoni qayta ishlash, shuningdek, qonun ijodkorligini raqamlashtirish va boshqaruvda ilg‘or yechimlarni joriy etish loyihalarini amalga oshirish qo‘llab-quvvatlandi.
Shuningdek, parlamentlararo hamkorlik dasturini ishlab chiqish va “do‘stlik guruhlari” ishini faollashtirish zarurligi ta’kidlandi. Bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar, jumladan, “Markaziy Osiyo – Koreya Respublikasi” sammiti kun tartibini puxta tayyorlash masalalari ham muhokama qilindi.