O‘zbekiston Prezidenti Qirg‘iziston bilan energetika sohasidagi hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qirg‘iz Respublikasi energetika vaziri Taalaybek Ibrayevni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida vazir davlatimiz rahbariga Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarovning samimiy salomini yetkazdi.

Suhbat davomida O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini, jumladan energetika sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotgani qayd etildi. Joriy yil boshidan buyon o‘zaro savdo hajmi 17 foizga oshgani, yuk tashish ko‘rsatkichlari ham ortib borayotgani ta’kidlandi. Iqtisodiyotning ustuvor tarmoqlarida qo‘shma kooperatsiya loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Energetika sohasida o‘zaro manfaatli hamkorlik yo‘lga qo‘yilgani, elektr energiyasi barqaror yetkazib berilayotgani va tranzit qilinayotgani, “yashil” energetika bo‘yicha istiqbolli loyihalar ishlab chiqilayotgani qayd etildi.

Prezident suv energetikasi sohasidagi hamkorlikni chuqurlashtirish, mintaqaviy ahamiyatga ega qo‘shma loyihalarni, eng avvalo “Qambar-ota GES–1”ni qurish tashabbusini samarali ilgari surish muhimligini ta’kidladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish