O‘zbekiston Prezidenti Turkiya bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5-dekabr kuni Turkiya Respublikasi energetika va tabiiy resurslar vaziri Alparslon Bayroqdor boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Uchrashuvda Turkiyaning yetakchi “AKSA” kompaniyasi rahbari Jamil Kazanchi hamda “Cengiz Energy” kompaniyasi rahbari Ahmet Chingiz ham ishtirok etdi.

Suhbat avvalida vazir O‘zbekiston Prezidentiga Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning samimiy salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik hamda ko‘p qirrali hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Ikki tomonlama aloqalar yuqori darajaga chiqqani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Xususan, o‘zaro savdo va investitsiya hajmlari ortib bormoqda, qo‘shma korxonalar soni ko‘paymoqda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar kengaymoqda.

Shuningdek, Turkiya kompaniyalari ishtirokida mamlakatimizda umumiy quvvati 1,8 gigavatt bo‘lgan, qiymati 1 milliard dollarga teng zamonaviy elektr stansiyalarini qurish loyihalari muvaffaqiyatli amalga oshirilgani ta’kidlandi.

Uchrashuv davomida energetika va geologiya sohalarida hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, zamonaviy texnologiyalarni mahalliylashtirish, energetika uskunalarini ishlab chiqarish, taqsimlash tarmoqlarini boshqarishni takomillashtirish, istiqbolli konlarni birgalikda o‘zlashtirish hamda soha uchun malakali kadrlar tayyorlash bo‘yicha yangi qo‘shma loyihalarni ilgari surish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish