O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoy Xalqaro kommunikatsiya markazi raisi Long Yuysyanni qabul qildi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi yangi davrdagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish hamda madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Markaz mamlakatimizning Xitoy bilan koʻp qirrali hamkorligini mustahkamlashga katta hissa qo‘shayotgani qayd etildi. Shu jumladan, infratuzilmani rivojlantirish, investitsiyalar va “yashil” sanoat sohalarida qator loyihalar amalga oshirilgan. Geologiya va qishloq xo‘jaligi sohalarida umumiy qiymati 1 milliard dollardan ortiq loyihalar ishlab chiqilmoqda.
Shuningdek, ta’lim, fan, madaniyat va turizm sohalaridagi faol almashinuvlarni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.
1984-yilda tashkil etilgan markaz dunyoning 160 dan ortiq mamlakati bilan madaniy, ilmiy va ma’rifiy aloqalarni yo‘lga qo‘ygan hamda uchta xalqaro vakolatxonaga ega.