O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muzokaralar davomida energetika sohasida zamonaviy texnologiyalar va muhandislik yechimlarini joriy etishga qaratilgan amaliy hamkorlik va o‘zaro manfaatli kooperatsiya loyihalari muhokama qilindi. Xitoy kompaniyalarining O‘zbekistonda loyihalar amalga oshirishga qiziqishi ortib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Joriy yilda Xitoydan 15 milliard dollardan ortiq to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan, qo‘shma loyihalarning umumiy portfeli esa qariyb 90 milliard dollarni tashkil etmoqda.
Energetika sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Xitoylik sheriklar bilan umumiy quvvati qariyb 10 gigavatt, qiymati 9 milliard dollardan ortiq 30 dan ziyod loyiha amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, bugun qo‘shimcha 14 ta loyiha, jami 2 milliard dollarlik ishlar ishga tushirildi.
“China Datang” kompaniyasi prezidenti Djou Yuanlong bilan fotoelektr stansiyalarini kengaytirish, yangilarini qurish va qo‘shimcha saqlash quvvatlarini barpo etish rejasi muhokama qilindi. Kompaniyaning kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot laboratoriyasini ochish, qishloq xo‘jaligi va chorvachilikda qayta tiklanadigan energiya texnologiyalarini joriy etish tashabbuslari qo‘llab-quvvatlandi.
“China Energy Engineering Corporation” kompaniyasi rahbari Syu Lyu bilan quyosh elektr stansiyalari va energiya saqlash tizimlarini qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yuqori baholandi. Muqobil energetika va yuqori kuchlanishli tarmoqlarni rivojlantirish loyihalarini ilgari surish muhimligi ta’kidlandi.
“Sinoma Energy” kompaniyasi raisi Men Sinlin shamol elektr stansiyalari va shamol turbinalari uchun parraklarni mahalliylashtirish uchun zavod qurilishi bo‘yicha axborot berdi. Shuningdek, kimyo va qurilish sanoatida chiqindilarni tozalash texnologiyalari yuzasidan fikr almashildi. Ushbu loyihalarni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi.
“Universal Energy” kompaniyasi bosh direktori Nan Yi bilan shamol elektr stansiyalari qurilishini tezlashtirish choralari muhokama qilindi.
“China General Technology” kompaniyasi direktorlar kengashi raisi Kan Xubyao bilan yangi ishga tushirilgan kogeneratsiya stansiyasining samarali ishlatilishi muhokama qilindi va O‘zbekistondagi investitsiya faoliyatini kengaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Shuningdek, “Poly Changda Engineering” kompaniyasi bosh direktori Myao Szechun bilan kelgusi yilda ishga tushirilgan quyosh elektr stansiyasining mantiqiy davomi sifatida energiya saqlash tizimini qurish rejasi qo‘llab-quvvatlandi.