Mamlakatimiz bilan o‘zaro aloqalarni yo‘lga qo‘yib, ularni yanada mustahkamlashga intilayotgan davlatlar safi tobora ko‘payib bormoqda. Ular qatoriga Slovakiya ham qo‘shildi. Bu bejiz emas. Zero, so‘nggi sakkiz yil ichida davlatimiz rahbarining siyosiy irodasi va uzoqni ko‘zlab olib borayotgan xalqchil islohotlari tufayli O‘zbekiston xalqaro hamjamiyatda o‘zini yana bir bor namoyon etmoqda. Qisqacha aytganda, Yangi O‘zbekiston xorijiy sheriklarga mamlakatning o‘zaro foydali hamkorlikka tayyorligini ko‘rsatmoqda.
Slovakiya Respublikasi Bosh vaziri Robert Fitso tomonidan mamlakatimizga uyushtirilgan rasmiy tashrif va unda ko‘rib chiqilgan keng qamrovli masalalar O‘zbekiston–Slovakiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab bergani bilan ahamiyatlidir. Buning sababi — ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan muzokaralarda amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirishga oid dolzarb masalalar muhokama qilindi.
To‘g‘ri, ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro savdo hajmi hozircha katta emas, biroq bu yo‘nalishda ulkan salohiyat mavjudligini ta’kidlash joiz. Hamkorlikni rivojlantirish uchun mahsulot turlarini kengaytirish, logistika va texnik to‘siqlarni kamaytirish, shuningdek o‘zaro investitsiyalarni rag‘batlantirish muhim hisoblanadi. Ikki davlat sanoat, farmatsevtika va agrar sohalarda qo‘shma loyihalar orqali o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishi mumkin.
Muzokaralar davomida ushbu jihatlarga alohida e’tibor qaratilib, tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, avvalo o‘zaro yetkazib berilayotgan mahsulot turlarini kengaytirish bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Xususan, O‘zbekistondan to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi, elekt texnika, kimyo mahsulotlari, polimerlar; Slovakiyadan esa kauchuk, avtomobil qismlari, farmatsevtika va boshqa sanoat mahsulotlarini yetkazib berish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, Slovakiyaning yetakchi kompaniyalari bilan sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha keng ko‘lamli dastur tayyorlash, xususan, agro sanoat majmuasi, avtomobillar uchun butlovchi qismlarni mahalliylashtirish, farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqarish, “yashil” energetika va turizm loyihalarini amalga oshirish yuzasidan kelishuvga erishildi.
Bu kelishuvlar nafaqat ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmini oshiradi, balki o‘zaro ishonch, sanoat kooperatsiyasi va texnologik almashinuvni ham kuchaytiradi. Ma’lumki, Slovakiya Yevropaning markazida joylashgan, yuqori texnologiyali ishlab chiqarish salohiyatiga ega davlatdir. O‘zbekiston esa tabiiy resurslarga boy va muhim strategik joylashuvga ega mamlakat hisoblanadi. Shu jihatdan, mahsulotlar yetkazib berish bilan birga, o‘zaro qo‘shma korxonalar tashkil etish imkoniyatlari ham kengaytiriladi.
Bir so‘z bilan aytganda, O‘zbekiston va Slovakiya o‘rtasidagi munosabatlar yangi rivojlanish bosqichiga qadam qo‘ydi. Bu jarayon nafaqat iqtisodiy o‘sishga xizmat qiladi, balki yangi ish o‘rinlari yaratish, mahsulot sifatini oshirish, eksport geografiyasini kengaytirish va eng muhimi — O‘zbekistonning Yevropa bozoridagi mavqeini mustahkamlashga xizmat qiladi.