O‘zbekiston–Sloveniya: hamkorlikning yangi istiqbollari

Keyingi yillarda Prezidentimizning pragmatik tashqi siyosati natijasida O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqi davlatlari, shu jumladan, Sloveniya bilan hamkorligi mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.

Haqiqatan ham ayni paytda turli darajadagi aloqalar va ishbilarmonlik uchrashuvlari har doimgidan-da faol. Ikki mamlakat BMT va boshqa xalqaro tuzilmalar doirasida bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Keyingi yillarda tovar ayirboshlash 3 barobar ko‘paydi. Madaniyat va turizm sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda. O‘zbekistonda Sloveniya fuqarolari uchun vizasiz rejim joriy etilgan.

Davlatimiz rahbarining ushbu mamlakatga tashrifi qator sohalardagi o‘zaro hamkorlik aloqalarini yangi bosqichda davom ettirishga xizmat qiladi. Xususan, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev va Sloveniya Respublikasi Prezidenti Natasha Pirts Musar o‘rtasidagi muzokaralarda tovar ayirboshlashni ko‘paytirish va uning hajmini, eng avvalo, mahsulotlar turini kengaytirish va import o‘rnini bosish hisobiga birinchi bosqichda 500 million yevroga yetkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. O‘zbekistondan to‘qimachilik, meva-sabzavotlar, mineral o‘g‘itlar, mis mahsulotlari va boshqa sanoat tovarlari, Sloveniya esa dorilar, ilg‘or texnologiyalar va uskunalar yetkazib berishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Ikki mamlakat o‘rtasidagi yana bir strategik masalaga to‘xtalib o‘tish o‘rinlidir. Ya’ni Sloveniya Adritika dengizida joylashgan “Koper” porti imkoniyatlarini o‘rganish va ushbu port orqali Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqish masalasidir.

Ushbu port Sloveniya asosiy dengiz porti va Janubiy Yevropaning muhim logistika markazlaridan biri bo‘lib, u Germaniya, Avstriya, Vengriya va Chexiya kabi Yevropaning yirik bozorlariga eng yaqin dengiz darvozalaridan hisoblanadi. Port Yevropa temir yo‘l tarmoqlari bilan integratsiyalashgan. Shundan kelib chiqib aytish mumkinki, mazkur port orqali mamlakatimiz qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik va kimyo sanoati tovarlarini Yevropa Ittifoqi bozoriga raqobatbardosh narxlarda yetkazib berish imkoniyati mavjud. Bu nafaqat mamlakatimizning eksport hajmini oshirishga, balki logistika xarajatlarini qisqartirishga xizmat qiladi.

Yana bir muhim jihat – sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha Sloveniya yetakchi kompaniyalari bilan kelishuvlarga erishilgani O‘zbekistonning industrial transformatsiya siyosatida muhim qadamdir. Xususan, Sloveniya texnik injiniring, avtomatika va robototexnika sohasida yetuk tajribaga ega. Ushbu bilim va texnologiyalarni O‘zbekistonga jalb qilish orqali mahalliy sanoatning raqobatbardoshligi kuchayadi.

Bundan tashqari, mamlakatimizda yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qiymat zanjiri orqali tayyor mahsulotlarga aylantirish va eksport qilish uchun Sloveniya qayta ishlash texnologiyalaridan foydalanish imkoniyati kengayadi. Farmatsevtika va shifobaxsh mahsulotlar yo‘nalishida, xususan asal va shifobaxsh giyohlar asosidagi dorilarni mahalliy ishlab chiqarish, Sloveniya bilan kooperatsiya orqali, nafaqat ichki bozorni to‘ldirish, balki eksportni ham kengaytirish imkonini beradi.

Umuman olganda, O‘zbekiston va Sloveniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik savdo-iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish, sanoat, farmatsevtika, elektrotexnika, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi sohalarida kooperatsiya loyihalarini amalga oshirish, mehnat migratsiyasi bo‘yicha aloqalarni kengaytirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish