Ko‘ksaroyda Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev raisligida Oliy davlatlararo kengashning ikkinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Shavkat Mirziyoyevning aytishicha, 2024-yilda ta’sis etilgan mazkur format o‘zini to‘liq oqladi va ikki davlat munosabatlari bugun eng yuqori — strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasiga ko‘tarilgan.
Yig‘ilishda hamkorlikning yangi yo‘nalishlari, o‘zaro imkoniyatlardan foydalanish yo‘llari muhokama qilindi. Tomonlar O‘zbekiston–Qozog‘iston aloqalariga qo‘shimcha turtki beradigan bir qator qarorlarni qabul qildi.
Savdo hajmi yil boshidan buyon 4 milliard dollarga yetgani qayd etildi. Maqsad — bu ko‘rsatkichni 2030-yilgacha 10 milliard dollarga olib chiqish. Buning uchun savdo va investitsiya bitimlari paketi shakllantirilgan, “O‘zKazTreyd” kompaniyasi tashkil etilgan va biznes uchun alohida mexanizmlar yo‘lga qo‘yilgan.
Sanoat kooperatsiyasi ham alohida e’tirof etildi. Tashrif davomida “Markaziy Osiyo” xalqaro sanoat kooperatsiyasi markazi ishga tushiriladi va 1,3 milliard dollarlik loyihalar start oladi. Bundan tashqari, umumiy qiymati 8 milliard dollardan oshadigan yirik loyihalar dasturi ham tayyorlangan.
Transport-logistika yo‘nalishi ham ustuvor yo‘nalish sifatida qayd etildi. Xususan, “Uchquduq – Qizilo‘rda” yo‘nalishi, shuningdek Aqtau, Quriq va Xorgos portlarida yuk tashishni rag‘batlantirish bo‘yicha qo‘shma reja ishlab chiqiladi.
Energetika, “yashil” texnologiyalar, axborot texnologiyalari va energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuv bildirildi.
Suv va ekologiya masalalarida hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha choralar ko‘riladi. Tomonlar transchegaraviy suv obyektlarini birgalikda boshqarish bo‘yicha bitim imzolanishini olqishladi.
Gumanitar aloqalar ham alohida tilga olindi. Joriy yilda O‘zbekiston va Qozog‘istonda “Lazgi” baleti, san’at ko‘rgazmalari, adabiy forumlar, yoshlar festivallari, Qozog‘iston tibbiyoti kunlari va Ostona kunlari kabi qator tadbirlar o‘tkazilgani qayd etildi.
Fan, ta’lim va yoshlar almashinuvlarini kengaytirish, universitetlararo qo‘shma dasturlarni kuchaytirish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, qo‘shma sayyohlik yo‘nalishlari yaratish va ikki davlatning tarixiy-madaniy merosini targ‘ib qilish muhim ekani ta’kidlandi.
Yig‘ilishda energetika, transport va madaniyat bo‘yicha hukumat a’zolari ham hisobot berdi.
Majlis yakunida qator muhim qarorlar qabul qilindi.