O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi

Budapesht shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Vengriya Milliy Assambleyasi o‘rtasida muhim hujjat – Anglashuv memorandumi imzolandi.

Hujjat ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarni mustahkamlash, o‘zaro ishonch va manfaatli sheriklikni rivojlantirishga qaratilgan.

O‘zbekiston va Vengriya uzoq yillar davomida shakllangan do‘stlik, hurmat va hamjihatlik rishtalariga ega. Ikkala mamlakat ham demokratik islohotlarga sodiqlik, qonun ustuvorligini ta’minlash va parlament rolini kuchaytirishga intiladi. Imzolangan memorandum ushbu munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqishda muhim qadam bo‘ldi.

Hujjatga muvofiq, ikki mamlakat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik institutsional jihatdan mustahkamlanadi. Shu bilan birga, konstitutsiyaviy islohotlar va qonun ijodkorligi jarayonida tajriba almashish, parlament va fuqarolar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, do‘stlik guruhlari faoliyatini kengaytirish va parlament devonlari o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, parlament delegatsiyalarining tashriflari tenglik va o‘zaro manfaatlar asosida amalga oshiriladi. Xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish imkoniyatlari ham nazarda tutilgan.

Anglashuv memorandumi O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishga hamda ikki mamlakat xalqlari manfaatlariga xizmat qilishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish