O‘zbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish bo‘yicha 16 kunlik kampaniyaga start berildi

24.11.2025 17:30
2478

Har yili 25-noyabr – Xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish xalqaro kunidan boshlab 10 dekabr – Inson huquqlari kuniga qadar dunyo bo‘ylab “Gender asosidagi zo‘ravonlikka qarshi 16 kunlik faollik” global kampaniyasi o‘tkaziladi.

 

Mazkur tashabbus doirasida joriy yil BMT tomonidan kampaniya “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” mavzusida tashkil etilishi belgilab berilgan.

 

O‘zbekistonda ham ushbu global tashabbus anʼanaviy ravishda qo‘llab-quvvatlanib, mamlakat miqyosida turli yo‘nalishlardagi tadbirlar va muloqotlar orqali keng jamoatchilik ishtirokida o‘tkazib kelinmoqda.

 

Xotin-qizlarning jamiyatdagi rolini oshirish, gender tenglik va oila masalalari bo‘yicha respublika komissiyasi boshchiligida, BMT tuzilmalari hamkorligida “Xotin-qizlarga nisbatan raqamli zo‘ravonlikka barham berish uchun birlashaylik” kampaniyasiga start berildi.

 

Tadbirni ochgan Senat Raisi Tanzila Narbayeva xotin-qizlarni har qanday zo‘ravonlikdan, xususan, raqamli makondagi tahdidlardan himoya qilish bo‘yicha olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib, zo‘ravonlikka qarshi kurash uzluksiz jarayon ekanini qayd etib o‘tdi.

 

Uning aytishicha, ayrim zararli stereotiplar jamiyatda urf-odat sifatida talqin qilinishi mumkin, ammo inson huquqlarini buzadigan bunday tasavvurlarni bartaraf etish muhim vazifa hisoblanadi.

 

Tadbirda vazirlik va idoralar, huquqni muhofaza qilish organlari, fuqarolik jamiyati vakillari hamda BMTning O‘zbekistondagi agentliklari xodimlari ishtirok etdi. BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabin Maxl raqamli zo‘ravonlikka qarshi kurashda qonun va himoya xizmatlarini takomillashtirish zarurligini ta’kidladi.

 

Kampaniya doirasida 25-noyabrdan 10-dekabrgacha mamlakat bo‘ylab turli tadbirlar, o‘quv seminarlar va axborot kampaniyalari o‘tkaziladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish