Parlamentlararo Ittifoq faoliyatida yoshlar alohida o‘rin tutadi

28.03.2025 11:00
24

Bugungi kunda Parlamentlararo Ittifoq eng yirik global parlamentlararo tashkilot bo‘lib, 46 000 dan ortiq parlament a’zolarining manfaatlarini ifodalaydi. Bu esa uni muloqot, parlament diplomatiyasi va xalqaro hamkorlik uchun eng muhim platformaga aylantirmoqda. Tashkilot milliy qonun chiqaruvchi organlarning tajribasi va amaliyotini uyg‘unlashtirib, global muammolarni bartaraf etish bo‘yicha umumiy strategiyalarni ishlab chiqishga ko‘maklashmoqda.


Parlamentlararo Ittifoq xalqaro hamkorlikni rivojlantirish va demokratik tamoyillarni ilgari surishda muhim rol o‘ynamoqda. Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari haqida qisqacha gapiradigan bo‘lsak, birinchidan, parlament diplomatiyasi haqida to‘xtalish joiz. Zero, ushbu nufuzli tashkilot turli mamlakatlar parlamentlari o‘rtasida muloqot, global muammolarni muhokama qilish va echimlar topish uchun muhim platformaga aylangan. Tashkilot parlamentlarga demokratik tamoyillar, hokimiyatning shaffofligi va hisobdorligini mustahkamlashga qaratilgan qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish va amalga oshirishda ko‘maklashib kelmoqda.


Ikkinchidan, tobora kuchayib borayotgan geosiyosiy tahdidlar sharoitida mazkur tashkilot mojarolarni hal qilish, xalqaro huquqni rivojlantirish va tinchlikparvarlik faoliyatiga ko‘maklashish borasidagi rolini kuchaytirmoqda. Tashkilot inqirozlarning oldini olish va mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash vositasi sifatida parlamentlararo hamkorlikni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ziddiyatli hududlarda inson huquqlarini himoya qilish, zo‘ravonlikning oldini olish va insonparvarlik yordami ko‘rsatishga alohida e’tibor qaratmoqda.


Uchinchidan, mazkur tuzilma erkin va adolatli saylovlarni faol qo‘llab-quvvatlab, saylov jarayonlarining shaffofligini ta’minlash va davlat institutlariga bo‘lgan ishonchni oshirish bo‘yicha zarur tavsiyalarni hayotga tatbiq etib kelmoqda.


To‘rtinchidan, tashkilot faoliyatida yoshlar ishtirokini kuchaytirish masalasi ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qolmoqda. Toshkentda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan yubiley Assambleya kun tartibida ham bu masala doirasida keng miqyosda muzokaralar o‘tkazish belgilangan. Binobarin, yoshlarning parlamentga jalb qilinishi, ularga siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etish imkonini beradi. Qolaversa, kelajakda demokratik boshqaruvning rivojiga katta hissa qo‘shadi. Global siyosiy qarorlar qabul qilishda ularning nuqtai nazarini hisobga olish, barqaror va adolatli jamiyat barpo qilishga yordam beradi.


Shu ma’noda O‘zbekiston aholisining yarmidan ko‘prog‘ini (53 foiz) yoshlar tashkil etishini inobatga olsak, bu demografik ko‘rsatkich mamlakatni tez sur’atlarda rivojlantirishda kuchli manba hisoblanadi desak to‘g‘ri bo‘ladi. Buning uchun davlat tomonidan yoshlarga doir ko‘plab islohotlar amalga oshirildi. So‘nggi 8 yil ichida yoshlar masalalarini tartibga soluvchi 100 dan ortiq qonun va qonunosti hujjatlari qabul qilindi.


2020 yilda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Oliy Majlisning ikkala palatasi huzurida Yoshlar parlamenti tashkil etildi. Bu tuzilma yoshlarning manfaatlarini himoya qilish, ularni qonunchilik jarayonlariga jalb qilish va yoshlar bilan davlat o‘rtasida ko‘prik vazifasini bajaryapti. Yoshlar parlamenti tashkil etilganidan buyon, 100 dan ortiq qonun loyihalari muhokamalarida qatnashdi. Parlament qo‘mitalari bilan birgalikda 80 dan ortiq nazorat-tahlil faoliyatini amalga oshirdi.


Ayni paytda Yoshlar parlamenti chinakam yoshlar va parlament o‘rtasidagi ko‘prikka aylangan. Yoshlar o‘z takliflarini ochiq aytish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Shuningdek, yosh avlodni qonunchilik jarayonlariga jalb qilish mamlakat siyosiy madaniyatini rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Umuman olganda, Yoshlar parlamenti mamlakatning kelajagi bo‘lgan yosh avlodning ovozi baland eshitilishiga xizmat qilmoqda. Yoshlarning huquqlarini himoya qilish va muammolarini hal etishda qonunchilikning roli tobora ortib bormoqda. Bu nafaqat davlat rahbariyati siyosatining muvaffaqiyati, balki yoshlarning jamiyatdagi faol ishtirokini ta’minlovchi amaliy qadamlardir.


Ammo hozirgi tezkor zamonda shu yutuq va natijalarning o‘zi bilan kifoyalanib qolish mumkin emas. Shu ma’noda Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley assambleyasi bu borada o‘zaro tajriba almashish uchun yaxshi imkoniyatdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish