Parlamentlararo ittifoqlarning 150-yubileyi assambleyasi: faol va pragmatik tashqi siyosatning xalqaro e’tirofi

27.03.2025 15:00
22

Hozirgi murakkab sharoitda O‘zbekistonning tamomila yangicha mazmun kasb etayotgan faol va pragmatik tashqi siyosati tufayli mamlakatimiz jahon siyosatining markazlaridan biriga aylanib boryapti.


Shu yilning 5–9 aprel kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Parlamentlararo ittifoqlarning 150-yubileyi assambleyasi ham fikrimiz tasdig‘idir. Ta’kidlash joizki, jahondagi 180 ta parlamentni birlashtirgan ushbu nufuzli tuzilma o‘zining yuqori organi — Assambleyani parlamentarizm va barqaror rivojlanishning ijobiy tajribasi mavjud bo‘lgan mamlakatlarda o‘tkazadi. Shu ma’noda, Assambleyaning ilk bor Markaziy Osiyo mintaqasida, aynan O‘zbekistonda o‘tkazilishi esa mamlakatimizda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, parlamentarizmni rivojlantirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarning jahon hamjamiyati tomonidan e’tirof etilayotganidan dalolatdir.


Qolaversa, keyingi yillarda mamlakatimizda parlamentarizmni rivojlantirish borasida sezilarli yutuqlarga erishildi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya asosida davlat hokimiyati qonun chiqaruvchi tarmog‘ining vakolatlari va majburiyatlari sezilarli darajada kengaytirildi. O‘zbekiston parlamenti qonun ijodkorligi bilan bir qatorda nazorat-tahlil faoliyati, xususan, parlament eshituvlari, byudjet nazorati, hukumat soati, deputatlik so‘rovlari, saylovchilar bilan muntazam uchrashuvlar o‘tkazishga ham alohida e’tibor qaratmoqda.


Xalq tomonidan saylangan hokimiyat organlari – parlament va mahalliy Kengashlarning o‘rni va ahamiyati tubdan o‘zgardi. Oliy Majlis, siyosiy partiyalar vakolatlari kengaytirildi, parlament va jamoatchilik nazorati institutlari mustahkamlanmoqda. Bundan tashqari, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari tomonidan parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga hisobot va axborot taqdim qilinishi tartibi joriy etildi.


Umuman olganda, Parlamentlararo Ittifoq dunyo mamlakatlarining qonun chiqaruvchi organlari uchun global muloqot maydoniga aylangan nufuzli tashkilotdir. Parlamentlar o‘rtasidagi aloqalarni rag‘batlantirish va xalqaro tinchlik hamda hamkorlikni mustahkamlash ishida birgalikda faoliyat ko‘rsatish uchun ularni birlashtirish mazkur Tashkilotning asosiy vazifalaridan biridir.


Oliy Majlis palatalarining Parlamentlararo Ittifoq faoliyatidagi ishtiroki asosan mazkur tashkilot Assambleyasi doirasida, Ijroiya qo‘mita va doimiy qo‘mitalarga a’zolik, birgalikda xalqaro forum va seminarlar o‘tkazish, shuningdek, tashkilotning asosiy hujjatlarida belgilangan prinsip va mexanizmlarni amaliyotga tatbiq etish orqali amalga oshirib kelinmoqda.


Ushbu nufuzli tashkilot bilan o‘zaro hamkorlikda ko‘plab yirik forumlar o‘tkazilganini qayd etish o‘rinlidir. Keng jamoatchilik va ma’naviyat sohasidagi arboblar ishtirokida, xususan, Toshkentda — parlament spiker ayollarining 14-sammiti, shuningdek, Buxoroda — “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda global parlamentlararo hamkorlik”, Samarqandda — “Millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglikni ta’minlashda parlamentning o‘rni” mavzularida xalqaro anjumanlar tashkil etildi.


Bir so‘z bilan aytganda, Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi — Yangi O‘zbekistonning faol va pragmatik tashqi siyosatini yana bir bor xalqaro miqyosda e’tirof etishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish