Senat Raisi Vengriya Milliy Assambleyasi Raisi bilan uchrashdi

03.12.2025 15:32
2430

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi parlament delegatsiyasi Vengriya Milliy Assambleyasi Raisi Laslo Kyover bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Uchrashuvda ikki tomon o‘zaro do‘stlik va hamkorlik munosabatlarining mustahkamlanayotgani, 2021-yilda Vengriyaning Yevropa Ittifoqi doirasida O‘zbekistonni birinchi strategik hamkori sifatida e’tirof etgani qayd etildi.

So‘nggi yillarda savdo hajmining barqaror o‘sishi, qo‘shma investitsiya loyihalari va sanoat kooperatsiyasining izchil kengayishi ham muhokama qilindi. Madaniy-gumanitar sohadagi faol almashinuvlar alohida e’tirof etildi.

Shuningdek, parlamentlararo hamkorlik, do‘stlik guruhlari faoliyatini jonlantirish, parlament apparati xodimlari uchun qisqa muddatli stajirovkalar tashkil etish va qonunchilik jarayonini raqamlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Tomonlar fan, ta’lim, suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligi va energetika sohalarida hamkorlikni kuchaytirish, shuningdek, parlament faoliyati bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish va axborot almashinuvini yo‘lga qo‘yish masalalarini ham ko‘rib chiqdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Vengriya parlamentlari o‘rtasida hamkorlikni yanada mustahkamlashga doir muhim hujjat imzolandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish