Joriy yilning 14-aprel kuni Oliy Majlis Senatida “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasining 18-majlisi o‘tkazildi.
Majlisda O‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlikni yana-da kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda Markaziy Osiyo davlatlari va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi hamkorlik sezilarli darajada faollashdi. 2025-yil 4–5-aprel kunlari Samarqand shahrida o‘tkazilgan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” birinchi sammiti buning yorqin ifodasi sifatida qayd etildi. Sammit natijalari ikki mintaqa o‘rtasidagi munosabatlarni yangi, strategik darajaga olib chiqqanligi bilan alohida ahamiyatga ega ekani taʼkidlandi.
Shuningdek, Qo‘mita majlisidaO‘zbekiston va Yevropa Ittifoqi o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, o‘zaro investitsiya muhitini yaxshilash hamda taʼlim sohasidagi aloqalarni chuqurlashtirish masalalari muhokama etildi. Jumladan, “Erasmus+” dasturi orqali o‘zbekistonlik yoshlarning Yevropa davlatlarida tahsil olishi imkoniyatlarini kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Bundan tashqari, Yevropa Ittifoqi mamlakatlarining kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishdagi tajribasini o‘rganish, axborot xavfsizligini taʼminlashda hamkorlik qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Majlisda ekologik barqarorlikni taʼminlash, xususan, Orolbo‘yi mintaqasida ekologik inqiroz oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Suv resurslarini samarali boshqarish, mintaqaviy ekologik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan qo‘shma tashabbuslar bildirildi.
Yevropa Ittifoqi vakillari O‘zbekistonda inson huquqlarini himoya qilish, qonun ustuvorligi, fuqarolik jamiyatini rivojlantirish, gender tenglikni taʼminlash va ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi ishtirokini kengaytirishga qaratilgan islohotlarni yuqori baholadilar.
Majlis yakunida tomonlar “O‘zbekiston – Yevropa Ittifoqi” parlament hamkorligi qo‘mitasining navbatdagi majlisini 2026 yilning birinchi yarmida o‘tkazishga kelishib oldi.