Senatda YXHT Raisining gender masalalari bo‘yicha Maxsus vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

26.11.2025 21:00
1459

 

Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva YXHT Raisining gender masalalari bo‘yicha Maxsus vakili Saara-Sofiya Siren bilan uchrashdi.

Uchrashuvda O‘zbekistonda gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohasida amalga oshirilayotgan tizimli islohotlar muhokama qilindi. Jumladan, qonunchilik va institutsional asoslarni takomillashtirish, ayollarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, himoya va reabilitatsiya xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan ishlar taqdim etildi.

Saara-Sofiya Siren O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan gender siyosatini yuqori baholadi va mamlakatimizda 14 hududda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar reabilitatsiya markazlarining ahamiyatini alohida qayd etdi. Fuqarolik jamiyati institutlari, nodavlat tashkilotlar va erkaklar hamda o‘g‘il bolalarning gender tenglikni taʼminlash jarayonlariga jalb qilinishi muhimligi taʼkidlandi.

Tomonlar O‘zbekiston va YEXHT o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlash, Markaziy Osiyo yetakchi ayollari muloqoti doirasida tajriba almashish va amaliyotni muvofiqlashtirish masalalarida kelishuvga erishdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish