2024-yil 4-noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda mutasaddi vazirlik va idoralar rahbarlarining migratsiya sohasida mavjud masalalarni kompleks o‘rganish, muammolarni bartaraf etish hamda sohani yana-da tartibga solish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan axborotlari eshitildi.
O‘zbekistonning Xalqaro migratsiya tashkiloti (XMT) bilan hamkorlik aloqalarini faollashtirish, rivojlangan va yetakchi xorijiy mamlakatlarning rekruting tashkilotlari va salohiyatli ish beruvchilari bilan hamkorlikni jadallashtirish nazarda tutilgani aytib o‘tildi.
Shuningdek, jabrlanuvchilarning huquq va manfaatlarini har tomonlama himoya qilish, norasmiy migratsiyaga ketayotgan fuqarolar sonini keskin kamaytirish va kasb-hunarga o‘qitish markazlari faoliyatini tartibga solish kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.
Shuningdek, majlisda “yo‘l-xaritasi”ning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishida tizimli muammo va kamchiliklarga yo‘l qo‘yilgani ham aytib o‘tildi.
Xususan, migratsiya sohasida xususiy konsalting agentliklari va kasb-hunarga o‘qitish markazlari faoliyatini tartibga solish uchun huquqiy-normativ hujjatlarni takomillashtirish, odam savdosiga qarshi kurashish va noqonuniy migratsiyaning oldini olish zarurligi bilan bog‘liq kamchiliklar sanab o‘tildi.
Ustuvor yo‘nalishlarda belgilangan maqsad va vazifalarni lozim darajada amalga oshirish uchun mamlakatimizning xorijiy hamkor davlatlar bilan migratsiya sohasida hamkorlik aloqalarini yana-da faollashtirish zarurligi qayd etildi.
Majlis yakunida Senat aʼzolari tomonidan sohada mavjud muammolarni bartaraf etish yuzasidan tegishli taklif va tavsiyalar bildirildi va Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.