Talabalar o‘qishini boshqa oliy ta’lim tashkilotiga qaysi hollarda ko‘chirish mumkin?

Talabaning o‘qishini bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga mos va turdosh ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha ko‘chirishga quyidagi ikki holatda ruxsat beriladi:

— talaba turmush qurgani sababli turmush o‘rtog‘i doimiy yashaydigan hududdagi oliy ta’lim tashkilotiga ko‘chirishni so‘rab murojaat qilganda;

— davlat organi xodimining ish joyi tegishli vazirlik yoki idora tomonidan boshqa hududga o‘zgartirilganda, uning turmush o‘rtog‘i yoki voyaga yetmagan farzandi tashkilot rahbarining tavsiyasi asosida murojaat qilganda.

Agar muayyan hududdagi oliy ta’lim tashkilotlarida mos yoki turdosh yo‘nalish mavjud bo‘lmasa, o‘qishni turdosh bo‘lmagan ta’lim yo‘nalishiga ko‘chirish masalasi ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Bir oliy ta’lim tashkiloti doirasida mos va turdosh yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qishni ko‘chirish yoki qayta tiklash rektor yoxud direktor buyrug‘i asosida amalga oshiriladi.

Bir oliy ta’lim tashkilotidan boshqasiga mos va turdosh yo‘nalish bo‘yicha ko‘chirish esa talabani qabul qilayotgan tashkilot bo‘ysunadigan vazirlik yoki idora qarori asosida amalga oshiriladi.

Turdosh bo‘lmagan yo‘nalishga, mos bo‘lmagan mutaxassislikka yoki boshqa ta’lim dasturiga ko‘chirish Davlat komissiyasi qarorini talab etadi.

Shuningdek, sog‘lig‘i tufayli oliy harbiy yoki harbiylashtirilgan ta’lim tashkilotidan chetlashtirilgan talabalarni mazmunan mos va turdosh yo‘nalishga, shuningdek, asosli sabablar mavjud bo‘lganda xorijiy yoki nodavlat oliy ta’lim tashkilotidan davlat oliy ta’lim tashkilotiga o‘qishni ko‘chirish istisno tariqasida Davlat komissiyasi qarori bilan, to‘lov-kontrakt asosida amalga oshirilishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish