Inson va uning manfaatlarini markaziy o‘ringa qo‘ygan iqtisodiy islohotlar

O‘tayotgan har bir kun bizni istiqlolimizning 35 yilligi shodiyonalariga yaqinlashtirmoqda. Ushbu raqam tarix oldida uncha katta muddat bo‘lmasa-da, bu davrda bosib o‘tilgan yo‘l, erishilgan yutuq va muvaffaqiyatlar asrlarga tatiydi. Ayniqsa, keyingi o‘n yilda Yangi O‘zbekiston barcha sohalarda taraqqiyotga yuz tutib, demokratik o‘zgarishlar, keng imkoniyatlar va amaliy ishlar mamlakatiga aylanib bormoqda. Barcha sohalarda yangicha, xalqchil va hayotiy islohotlar joriy etildi. Jumladan, iqtisodiyot sohasi ham taraqqiyotning yangi bosqichiga qadam qo‘ydi.

Yangi iqtisodiy strategiyada bozor munosabatlari inson manfaatlari bilan uyg‘unlashtirildi. Ijtimoiy siyosat bilan iqtisodiy o‘sish bir-biriga qarama-qarshi emas, balki bir-birini to‘ldiruvchi mexanizm sifatida qurildi. Buni har yili davlat byudjeti xarajatining 50 foizidan ko‘pi ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoyaga yo‘naltirilayotgani ham tasdiqlaydi.

Mazkur bosqichdagi islohotlar mahalliy iqtisodiy tizimni global iqtisodiyotga integratsiyalashga yo‘naltirilgan bo‘lib, bu jarayon mamlakatning xalqaro reytinglarda yuqorilashiga olib keldi. Shuningdek, ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga asoslangan yangi iqtisodiy muhit shakllandi. Bu esa xorijiy investorlarning ishonchini qozonishga yordam berdi.

Prezidentimizning ochiq va pragmatik tashqi siyosati tufayli O‘zbekiston Markaziy Osiyoda ishonch, hamkorlik va o‘zaro manfaatlar asosidagi yaqin qo‘shnichilik muhitini yaratishga erishdi. Bunday siyosiy yetuklik nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham yurtimiz obro‘sini mustahkamladi.

Bir vaqtning o‘zida mamlakatimizda bosqichma-bosqich va uzviy siyosiy-iqtisodiy islohotlar amalga oshirildi. Xususan, milliy valyutamizning erkin konvertatsiyasi ta’minlandi, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi orqali biznes muhiti yaxshilandi. Xususiy sektor qo‘llab-quvvatlanib, tadbirkorlar soni oshib borayotir. YaIM har yili 5-6 foiz barqaror o‘syapti.

Eng asosiysi, inson kapitaliga sarmoya, ya’ni ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy himoyaga ajratilayotgan byudjet xarajatining ko‘p qismi islohotlar markazida turibdi. Kambag‘allikni qisqartirish, yoshlarga kasb o‘rgatish, raqamli iqtisodiyotga o‘tish, “yashil” energetika dasturlari — bularning barchasi “islohot — islohot uchun emas, avvalo, inson uchun” degan tamoyilga asoslangan.

So‘nggi 10 yilda iqtisodiyotimizdagi islohotlar o‘z mohiyatiga ko‘ra, nafaqat sohaviy yangilanishlarni, balki butun iqtisodiy modelni qayta ko‘rib chiqishni talab etdi. 2017-yildan boshlangan yangi bosqichdagi taraqqiyot jarayoni inson farovonligini ta’minlashga qaratilgan, ochiq va inklyuziv iqtisodiyot qurish g‘oyasiga tayangan yangi voqelikni shakllantirdi.

Islohotlar odamlar hayotini yaxshilash, qonuniy manfaatlarini ta’minlashga qaratildi va ijobiy samarasi bilan insonlar hayotida aks etayotir. Mamlakatimizdagi barcha o‘zgarish inson qadrini ulug‘lash, aholi hayotini yaxshilash, adolatli jamiyat va xalqparvar davlat qurishga qaratilmoqda.

O‘zbekistonda yangi iqtisodiy strategiya nafaqat bozor munosabatlarini shakllantirish, balki ularni inson manfaatlariga xizmat qiluvchi samarali tizimga aylantirishni maqsad qildi. Bunday yondashuv, avvalo, inson kapitaliga sarmoya kiritish, raqamli inklyuziv rivojlanish, soliq yukini yengillashtirish va tadbirkorlik muhitini erkinlashtirishda namoyon bo‘ldi.

Oxirgi o‘n yilda davlat byudjeti xarajati tarkibida ta’lim va tibbiyot sohasiga ajratiladigan mablag‘ sezilarli darajada oshdi. 2016-yilda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yilga kelib, bu raqam 78 foizga yetdi. Buning uchun joriy yilning o‘zida yuzdan ziyod maktabgacha ta’lim tashkiloti qurilib, ko‘plab xususiy va oilaviy bog‘chalar ochildi. Maktabgacha ta’lim umumiy majburiy ta’limning bir qismi sifatida qonunchilikka kiritildi.

Oliy ta’limga qamrov 44 foizga yetib, dunyo universitetlari reytingida OTMlarimiz soni tobora ko‘payib borayotgani islohotlarning samarasini yana bir bor tasdiqlaydi.

Ish bilan ta’minlash va kasb-hunar o‘rgatish siyosati natijasida yashash joyi va sohalar bo‘yicha aniq maqsadli bandlik dasturlari ishlab chiqildi. Bularning barchasi iqtisodiyotda inson resurslari samaradorligini oshirish va kambag‘allikni qisqartirishning asosiy omillaridan biriga aylandi.

2017-yil sentyabrda so‘mning erkin konvertatsiyasi haqidagi qaror e’lon qilindi. Bu tarixiy qadam tufayli banklar orqali valyuta operatsiyasi faollashdi, xalqaro sarmoyadorlar uchun ishonchli muhit yaratildi.

2019-yilda yangi Soliq kodeksi qabul qilinib, qo‘shimcha qiymat solig‘i stavkasi 12 foizga tushirildi. 2028-yil 1-yanvarga qadar QQS hamda foyda solig‘i stavkasi oshirilmasligi belgilab qo‘yildi. Kichik va o‘rta biznesga qo‘shimcha talab va majburiyat yuklaydigan me’yoriy hujjatlar qabul qilishga ham uch yillik moratoriy e’lon qilindi. QQS qaytarish muddatini qisqartirish, yagona soliq stavkasi joriy qilinishi tadbirkorlar uchun muhim qadam bo‘ldi.

2017-yildan keyin tadbirkorlik muhiti keskin o‘zgardi. Kichik va o‘rta tadbirkorlar soni o‘n yilda 2 karra ko‘paygan, ularda 11 millionga yaqin odam daromad topib, ro‘zg‘or tebratmoqda. Bu mamlakat bo‘yicha band aholining 74 foizi degani. Iqtisodiyot hajmining yarmidan ko‘pi, sanoat mahsuloti va eksportning uchdan bir qismi kichik va o‘rta biznes sub’yektlari hissasiga to‘g‘ri kelyapti.

Ko‘p yillardan beri tadbirkorlar oldidagi eng katta to‘siqlardan biri moliyalashtirish edi. Endi bu yo‘nalishda aniq yechimlar joriy qilinmoqda. 2025-yildan boshlab kichik biznesga 300 million so‘mgacha kredit berila boshlandi. Faoliyatini kengaytirgan tadbirkorlarga shu summaning 150 million so‘mi garovsiz ajratiladi. Oilaviy tadbirkorlik uchun ham 50 million so‘mgacha garovsiz kredit taqdim etiladi. E’tiborli jihati, ayol tadbirkorlar uchun kredit stavkasi boshqalarga nisbatan 2 foiz pasaytirildi.

Bu raqamlarning o‘ziyoq bizga bitta haqiqatni ko‘rsatadi: O‘zbekistonning iqtisodiy kelajagi — tadbirkorlikda.

Keyingi yillarda soliq siyosati sohasida qator islohotlar va imtiyozlar joriy qilinyapti. Ushbu o‘zgarishlar aholi farovonligini oshirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va investitsiya muhitini yanada yaxshilashga qaratilgan. Jumladan, 2025-2028 yillarda kambag‘al oilalar a’zolarini ishga olgan korxonalar uchun ijtimoiy soliq stavkasi 12 foiz o‘rniga 1 foiz etib belgilandi. 2024-2027 yillarda kasb o‘rganishga jalb qilingan o‘quvchilar uchun ham ijtimoiy va daromad solig‘i 1 foiz etib belgilanadi.

2017 yilda davlat byudjeti ilk bor OAVda e’lon qilindi. Byudjet jarayonida jamoatchilik nazorati uchun “Ochiq byudjet” portali ishga tushirildi.

Jahon tan olayotgan yangi iqtisodiy voqelikni xalqaro tashkilotlar e’tirofida ham ko‘rish mumkin. Jumladan, Jahon banki O‘zbekistondagi bozorga asoslangan, insonni markaziy o‘ringa qo‘ygan iqtisodiy o‘zgarishlar mintaqaviy namuna bo‘lib xizmat qilayotganini alohida qayd etdi.

Bir so‘z bilan aytganda, Yangi O‘zbekistonda shakllanayotgan iqtisodiy voqelik faqat raqam va siyosiy qarorlardan iborat emas. Bu inson qadrini ulug‘laydigan, shaffof, inklyuziv va barqaror tizimdir. Endi biz uchun asosiy vazifa 2030-yilgacha mo‘ljallangan inson kapitalini rivojlantirish strategiyasini muvaffaqiyatli amalga oshirish, innovatsion va “yashil iqtisodiyot”ni ustuvor yo‘nalish sifatida belgilash, iqtisodiy o‘sishni ijtimoiy himoya, tenglik va adolat bilan uyg‘unlashtirishdir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish