Tashrif Yangi O‘zbekistonning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatdorlik va hurmatga asoslangan do‘stona munosabatlar jadal rivojlanib bormoqda.

Turli yo‘nalish va sohalarda samarali hamkorlikni rivojlantirishda, albatta, ikki davlat rahbarlari o‘rtasidagi yaqin munosabatlar, ularning muntazam muloqoti muhim o‘rin tutadi.

Shu ma’noda Prezidentimizning Fransiyaga navbatdagi davlat tashrifi turli sohalarda davom etayotgan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, uning qamrovini kengaytirishga qaratilgan muhim qadam desak to‘g‘ri bo‘ladi. Zotan, Fransiya O‘zbekistonning iqtisodiy, sarmoyaviy va moliyaviy-texnikaviy sohalardagi ishonchli hamkoridir. Mamlakatlarimiz o‘rtasida turli sohalarda aloqalar yildan-yilga faollashmoqda.


Xususan, bugungi kunda iqtisodiyotning muhim tarmog‘iga aylangan turizm sohasida ham ijobiy o‘zgarishlarni e’tirof etish o‘rinlidir. Jumladan, fransiyalik sayyohlar mamlakatimizga tashrif buyurish bo‘yicha yetakchi sanaladi. Bunga Fransiyada O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini keng targ‘ib qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar ko‘p jihatdan yordam bermoqda. So‘nggi ikki yilda O‘zbekistonga tashrif buyurgan fransiyalik sayyohlar soni yiliga 20 ming kishiga yaqinlashdi.


Bu boradagi ishlarni jadallashtirish maqsadida Fransiyaning turli shaharlaridan Samarqand, Buxoro va Xivaga charter reyslarni tashkil etgan holda sayyohlar almashinuvini rivojlantirish dasturi ishlab chiqilmoqda.


Aytilishi kerakki, turizm sohasida hamkorlikni mustahkamlash kelgusida ulkan natijalar berishi shubhasiz. Negaki, O‘zbekiston va Fransiya qadimiy osori-atiqalar, tarixiy obidalar, madaniy meros va boy an’analarga ega davlatlar hisoblanadi. Shu ma’noda ushbu imkoniyatlardan samarali foydalanish kutilgan natijani beradi.


Misol uchun, O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi turizm sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlar o‘rtasida faol aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mamlakatimizga turistlar oqimini oshirish maqsadida Parijda “O‘zbekiston – Ipak yo‘lining durdonasi” taqdimoti o‘tkazildi.


Unda mehmonlarga mamlakatimizning turizm sohasidagi istiqbollari va turistik infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlar, sayyohlar uchun yanada qulay sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan yangiliklar xususida ma’lumot berildi.


Bu forumning muhim ahamiyati shundaki, unda Fransiyaning yirik va nomdor sayyohlik kompaniyalari vakillari qatnashdi. Ularga forum doirasida tashkil etilgan taqdimot orqali so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar natijasida hududlarda barpo etilgan turizm maskanlari, yangilangan infratuzilma va madaniy meros ob’ektlari ko‘rsatildi.


Bir so‘z bilan aytganda, davlatimiz rahbarining tashrifi va bunda erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi siyosiy va iqtisodiy munosabatlarning yangi bosqichda yanada yuqori darajaga ko‘tarilishiga, turizm sohasining faol rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi. Bu esa o‘z navbatida Yangi O‘zbekistonning barqaror taraqqiyotiga xizmat qiladi.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish