Toshkentda bo‘lib o‘tayotgan Parlamentlararo ittifoqning 150-Assambleyasi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Narbayeva qator muhim uchrashuvlar o‘tkazdi. Xususan, u Kambodja Qirolligi parlamenti Senatining birinchi vitse-prezidenti Uch Borit hamda O‘mon Sultonligi Sho‘ro kengashi Raisi Nosir al-Mavaliy bilan muzokaralar olib bordi.
Uchrashuvlarda parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish, qonunchilik sohasida tajriba almashish, shuningdek, savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalarni rivojlantirish masalalari atroflicha muhokama qilindi. Tomonlar o‘zaro tashriflar orqali muloqotni faollashtirish, parlamentlarning do‘stlik guruhlari va qo‘mitalari o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash hamda amaliy loyihalarni birgalikda hayotga tatbiq etish borasida fikr almashdi.
Mazkur uchrashuvlar ikki davlat bilan o‘zaro manfaatli va sermazmun hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qilishi kutilmoqda.