Oylik davomida barcha mahallalar, maktab va maktabgacha ta’lim muassasalari, ko‘chalar, aholi turar joylari hududlarida tozalik ishlari amalga oshiriladi. Shuningdek, volontyorlar, yosh eko-faollar ishtirokida turli tozalik aksiyalari, plogginglar tashkil etiladi.
Bundan tashqari, ayni damda Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya hamda Ichki ishlar xodimlaridan iborat maxsus shtablar tashkil qilinmoqda. Bu shtablar tomonidan har bir viloyat, tuman va shaharlarda qat’iy ekologik nazorat o‘rnatiladi hamda jamoatchilikka kundalik ma’lumot berib boriladi.
Oylik davomida ekologik huquqbuzarliklarga qarshi doimiy reyd tadbirlari amalga oshiriladi. Vazirlik tomonidan respublikaning barcha hududlariga onlayn kuzatuv kameralari o‘rnatilgan bo‘lib, ushbu kameralar nazorati yanada kuchaytiriladi.
Ekologiya vazirligi barchani tozalik va ozodalik oyligida faol ishtirok etishga, duch kelgan joyga chiqindi tashlamaslikka, ogohlikka chaqirmoqda.