Prezidentimizning Toshkent viloyati Bekobod shahriga amalga oshirgan tashrifi strategik ahamiyatga ega voqelik sifatida muhrlandi. Ushbu tashrif chog‘ida nafaqat hududdagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning borishi ko‘zdan kechirildi, balki transport infratuzilmasi va sanoat salohiyatini yanada yuksaltirishga xizmat qiladigan ikki muhim loyihaga start berildi.
Ya’ni, “Toshkent - Bekobod” elektropoyezdi qatnovining yo‘lga qo‘yilishi hamda O‘zbekiston metallurgiya kombinatida yangi Quyuv-prokatlash majmuasining ishga tushirilishidir. Mazkur tashabbuslar Prezidentimizning “2030-yilga qadar temir yo‘l transportida mahalliy yo‘nalishlarda yo‘lovchi tashish ko‘rsatkichlarini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalarning amaliy ifodasi hisoblanadi.
Bugungi kunda har qanday davlat taraqqiyotini zamonaviy va qulay transport tizimisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, “Toshkent - Bekobod” elektropoyezdining ishga tushirilishi juda muhim voqea bo‘ldi. Uzunligi 192 kilometr bo‘lgan “Toshkent - Bekobod” yo‘nalishida elektropoyezd soatiga 120 kilometr tezlikda harakatlanadi. Loyiha doirasida yiliga 300 ming nafar yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatish rejalashtirilgan.
Eng muhimi, bu loyiha nafaqat aholiga qulaylik yaratadi, balki ekologik jihatdan ham muhim ahamiyatga ega. Elektropoyezddan foydalanish natijasida avtomobil yo‘llarida transport oqimi kamayadi, havoga chiqariladigan zararli gazlar miqdori qisqaradi. Bu esa atrof-muhit muhofazasi va ekologik barqarorlikni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu, avvalo, har kuni Toshkent va Bekobod o‘rtasida ish yoki ta’lim maqsadida qatnaydigan fuqarolar uchun katta yengillik yaratadi. Yo‘lda sarflanadigan vaqt qisqaradi, safar ancha xavfsiz va qulay bo‘ladi.
Yana bir muhim masala. Davlatimiz rahbari Bekobod shahriga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston metallurgiya kombinatida barpo etilgan yangi Quyuv-prokatlash majmuasini ishga tushirish marosimida ham ishtirok etdi. Ilgari asosan qurilish sohasi uchun mahsulot yetkazib bergan kombinat bugungi kunda mashinasozlik, elektrotexnika, energetika va mudofaa sanoati ehtiyojlari uchun 80 turdan ortiq yangi mahsulot ishlab chiqarmoqda.
Yangi Quyuv-prokatlash majmuasi energiya tejamkor texnologiyalar va raqamli yechimlar asosida tashkil etilgan bo‘lib, mehnat unumdorligi hamda mahsulot sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi. Eng muhimi, bu mamlakatimizda prokatlangan po‘lat listlar ishlab chiqarish bo‘yicha ilk yirik loyiha hisoblanadi.
Agar 2016-yilda kombinatda 800 ming tonna mahsulot ishlab chiqarilgan bo‘lsa, bugungi kunda yillik ishlab chiqarish hajmi 3 million tonnaga, mahsulot qiymati esa 23 trillion so‘mga yetdi. Bu esa sanoatimiz mustaqilligini yanada mustahkamlaydi.
Shuningdek, kombinat hududida 90 gektar maydonda “O‘zbekiston ekologik texnologiyalar sanoat parki” tashkil etiladi. Joriy yilning o‘zida ushbu parkda umumiy qiymati 70 million dollarlik 6 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, katta diametrli quvurlar, ko‘tarma kranlar va filtrlash uskunalari ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Natijada 660 ta yangi yuqori daromadli ish o‘rni yaratiladi.
Ahamiyatlisi, shu yerda xalqaro sertifikatlar beruvchi zamonaviy laboratoriya ham tashkil etiladi. Qora metall aylanmasi bilan bog‘liq barcha jarayonlar elektron platforma orqali real vaqt rejimida nazorat qilinadi. Shu maqsadda Hukumat huzurida metall bozorini tahlil qilish, talab va taklifni shakllantirish hamda mahsulot sifati ustidan nazoratni ta’minlaydigan alohida Loyiha ofisi tashkil etilishi belgilandi.
Umuman olganda, belgilab berilgan vazifalar, ishga tushirilgan yangi loyihalar iqtisodiyotning yanada o‘sishiga, yangi ish o‘rinlari yaratilishiga, pirovardida, aholi farovonligi oshishiga xizmat qiladi.