Boqiy va hamisha navqiron Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi xalqaro forumni bugungi global xavfsizlik kun tartibini belgilab berayotgan muhim siyosiy-amaliy muloqot maydoni sifatida baholash joiz.
Zero, mazkur anjuman dunyo hamjamiyati oldida turgan eng dolzarb va murakkab muammolardan biri - narkotrafik va u bilan uzviy bog‘liq transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashishda mutlaqo yangi, tizimli yondashuv zarurligini ochiq-oydin ko‘rsatmoqda.
Bugungi sharoitda davlatlararo hamkorlikni chuqurlashtirmasdan turib, bunday tahdidlarga qarshi samarali javob qaytarish amalda imkonsiz ekani tobora ayon bo‘lmoqda.
Narkotahdidlar chegara tanlamaydi, shu bois ularga qarshi faqat bir davlat doirasida kurashish samara bermaydi. Aksincha, bu jarayonlar globallashuv sharoitida yanada tezlashib, yangi shakl va usullar bilan namoyon bo‘lmoqda.
Bir davlat hududida ishlab chiqarilgan yoki qayta ishlangan narkotik moddalar qisqa vaqt ichida boshqa qitʼalarga yetib borayotgani, raqamli texnologiyalar orqali ularning noqonuniy savdosi yo‘lga qo‘yilayotgani mazkur muammoning qanchalik murakkab va ko‘p qirrali ekanini ko‘rsatadi.
Shu maʼnoda, narkotrafik endi faqat jinoyatchilik masalasi emas, balki iqtisodiy barqarorlik, jamoat salomatligi va hatto davlat suverenitetiga daxldor kompleks xavfga aylanmoqda.
Statistik maʼlumotlar ham ushbu muammoning dolzarbligini yana bir bor tasdiqlaydi. Giyohvand moddalar isteʼmolining ortib borayotgani sog‘liqni saqlash tizimiga tushayotgan bosimni keskin oshirmoqda. Shu bilan birga, ijtimoiy muvozanatga ham salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda.
Ayniqsa, yoshlar orasida narkotik moddalarga moyillikning kuchayishi jamiyatning kelajak taraqqiyotiga jiddiy xavf soladi. Chunki bu holat inson kapitali sifatining pasayishiga, mehnat bozorida raqobatbardoshlikning kamayishiga va umumiy ijtimoiy barqarorlikning izdan chiqishiga olib kelishi mumkin.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, Samarqand forumining ahamiyati yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. U nafaqat keng miqyosda o‘zaro fikr almashish, balki aniq amaliy mexanizmlar ishlab chiqish, ilg‘or tajribalarni uyg‘unlashtirish va davlatlar o‘rtasida ishonchli hamkorlik muhitini mustahkamlashga xizmat qiladigan strategik platformadir.
Eng muhimi, bunday anjumanlar orqali narkotahdidlarga qarshi kurashishda samarasiz yondashuvlar o‘rniga o‘zaro muvofiqlashtirilgan, uzviy va uzoq muddatli siyosatni shakllantirish imkoniyati yuzaga keladi.
Ahamiyatlisi, mazkur forumda 50 dan ortiq davlat vakillari, 500 dan ziyod xalqaro ekspert va mutaxassislar, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Interpol, Yevropa Ittifoqi, Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi hamda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti kabi nufuzli xalqaro tashkilotlar delegatsiyalarining ishtiroki forumning naqadar keng qamrovli va muhim ekanini ko‘rsatadi.
Forum ishtirokchilariga davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning murojaati yetkazilgani esa O‘zbekistonning ushbu yo‘nalishdagi qatʼiy siyosiy irodasini ifodaladi, desak to‘g‘ri bo‘ladi. Prezident murojaatida transmilliy jinoyatchilikka qarshi kurashish faqatgina bir davlatning vazifasi emasligi, balki umumiy masʼuliyat ekani alohida taʼkidlangan.
Hamkorlik - asosiy yechim
Yuqorida taʼkidlanganidek, narkotahdidlarga qarshi samarali kurashishda hal qiluvchi omil - bu xalqaro hamkorlikni izchil va tizimli ravishda mustahkamlashdir. Chunki narkotik moddalarni ishlab chiqarish, tranzit qilish va tarqatish zanjiri, odatda, bir necha davlat hududini qamrab oladi va turli huquqiy tizimlar, nazorat mexanizmlari hamda institutlar kesishmasida amalga oshiriladi.
Bunday sharoitda faqat milliy darajada ko‘rilgan chora-tadbirlar cheklangan samara beradi. Aksincha, muvofiqlashtirilgan, o‘zaro ishonchga asoslangan va tezkor hamkorlik mexanizmlarigina real natija berishi mumkin.
Shu nuqtayi nazardan, axborot almashinuvining samaradorligi alohida ahamiyat kasb etadi. Chunki o‘z vaqtida va ishonchli maʼlumotga ega bo‘lish - jinoyat zanjirini ildizida bartaraf etish imkonini beradi.
Qo‘shma operatsiyalar esa nafaqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasidagi hamjihatlikni kuchaytiradi, balki transmilliy jinoiy tarmoqlarni kompleks tarzda fosh etishga xizmat qiladi. Yagona yoki o‘zaro uyg‘unlashtirilgan strategiyalarning mavjudligi esa harakatlarning samarasiz bo‘lib ketishining oldini oladi va resurslardan oqilona foydalanish imkonini yaratadi.
Forum doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslar aynan shu strategik yondashuvni amalda taʼminlashga qaratilgani bilan ahamiyatlidir. Xususan, davlatlar o‘rtasida tezkor va himoyalangan maʼlumot almashish tizimlarini yaratish, zamonaviy raqamli va analitik texnologiyalar orqali monitoringni kuchaytirish, shuningdek, chegaralararo nazoratni yangi bosqichga olib chiqish masalalari keng muhokama qilinmoqda.
Bu esa kelgusida narkotrafikka qarshi kurashishda faqat reaktiv emas, balki profilaktik va oldindan ogohlantiruvchi mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qilishi bilan alohida ahamiyatga ega.
Forum doirasida tashkil etilgan ko‘rgazma alohida eʼtiborga loyiq bo‘lib, u nazariy muhokamalarni amaliy yechimlar bilan bog‘lab berdi. Unda uyushgan narkojinoyatchilikka qarshi kurashishda qo‘llanilayotgan eng so‘nggi va samarali texnologiyalar namoyish etildi.
Jumladan, sunʼiy intellekt asosida ishlovchi tahliliy tizimlar, yuzni aniqlash va biometrik identifikatsiya vositalari, yuklarni yuqori aniqlikda skanerlash qurilmalari hamda kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishga mo‘ljallangan platformalar ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Mazkur texnologiyalarning o‘ziga xos jihati shundaki, ular anʼanaviy kurash usullarini to‘ldiribgina qolmay, balki ularni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqadi.
Agar ilgari asosiy eʼtibor jinoyat sodir etilgandan keyin uni ochishga qaratilgan bo‘lsa, bugungi zamonaviy texnologiyalar orqali jinoyatlarni oldindan prognoz qilish va barvaqt oldini olish imkoniyati paydo bo‘lmoqda.
Ayniqsa, katta hajmdagi maʼlumotlarni qisqa vaqt ichida tahlil qilish imkoniga ega bo‘lgan sunʼiy intellekt tizimlari narkotrafik yo‘nalishlarini aniqlash, xavfli aloqalarni fosh etish va shubhali operatsiyalarni barvaqt belgilashda muhim vositaga aylanmoqda.
Yagona sunʼiy intellekt platformasi tashabbusi
Forumda O‘zbekiston tomonidan yagona sunʼiy intellekt platformasini yaratish tashabbusi ilgari surildi. Bu g‘oyani oddiy texnologik yangilik sifatida emas, balki transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashishning mutlaqo yangi modeli sifatida baholash o‘rinli bo‘ladi.
Negaki, maʼlumot asosiy resursga aylanib borayotgan bir paytda, uni to‘plash, qayta ishlash va tezkor almashish imkoniyati xavfsizlik samaradorligini belgilab beruvchi hal qiluvchi omilga aylanmoqda.
Taklif etilayotgan platforma aynan shu ehtiyojdan kelib chiqqan holda, bir nechta muhim funksiyalarni o‘zida mujassam etishi kutilmoqda. Jumladan, narkotrafik yo‘nalishlarini real vaqt rejimida kuzatish orqali xavf manbalarini barvaqt aniqlash, xavfli yuklarni avtomatlashtirilgan tarzda monitoring qilish, transmilliy jinoiy tarmoqlarning faoliyatini chuqur tahlil qilish hamda davlatlar o‘rtasida tezkor va ishonchli axborot almashinuvini taʼminlash imkoniyati yaratiladi.
Bu esa qaror qabul qilish jarayonini tezlashtirib, amaliy choralarni o‘z vaqtida ko‘rishga xizmat qiladi.
Eng muhimi, mazkur platforma alohida davlatlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi “aqlli markaz” vazifasini bajarishi mumkin. Yaʼni u orqali samarasiz maʼlumotlar yagona tizimga keltirilib, umumiy tahdidlarga nisbatan uyg‘un va muvofiq javob choralari ishlab chiqiladi.
Natijada narkotrafikka qarshi kurashish faqat reaktiv xarakterda emas, balki ilgari surilgan xavflarni prognoz qilish va oldini olishga qaratilgan yakdil tizimga aylanadi.
Shu nuqtayi nazardan qaraganda, ushbu tashabbus amalga oshirilsa, global miqyosda narkotahdidlarga qarshi kurashish samaradorligi sezilarli darajada oshishi tabiiy.
Yanada muhimi, bunday platforma davlatlar o‘rtasida o‘zaro ishonchni mustahkamlash, ochiqlikni taʼminlash va hamkorlikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiladi.
Yana bir gap. Narkotiklarga qarshi kurash faqat huquqni muhofaza qiluvchi organlar vazifasi emas. Bu, avvalo, jamoat salomatligi masalasidir. Zotan, giyohvandlik inson salomatligiga jiddiy zarar yetkazadi, oilalarni parokanda qiladi va jamiyatda ijtimoiy muammolarni kuchaytiradi.
Shu bois forumda profilaktika, reabilitatsiya va aholining xabardorligini oshirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, yoshlar bilan ishlash, ularni sog‘lom turmush tarziga yo‘naltirish va zararli odatlardan himoya qilish muhim vazifa sifatida belgilandi.
Forum doirasida “Narkotiklarga qarshi kurashish fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan qator xalqaro tashkilotlar rahbarlarining taqdirlanishi ham muhim voqea bo‘ldi. Bu nafaqat ularning xizmatlarini eʼtirof etish, balki ushbu yo‘nalishda faoliyat yuritayotgan boshqa mutaxassislar uchun ham katta motivatsiya vazifasini o‘taydi.
Bir so‘z bilan aytganda, Samarqand tarixan Buyuk Ipak yo‘lining markazi bo‘lganidek, bugun global muammolar yechimini muhokama qiladigan muhim platformaga aylanmoqda.
Kelajakda ushbu forumda ilgari surilgan g‘oyalar amaliy natijalarga aylanishi, davlatlar o‘rtasidagi hamkorlik yanada mustahkamlanishi va eng muhimi - insoniyat xavfsizligi va salomatligini taʼminlash yo‘lida muhim qadamlar qo‘yilishiga ishonchimiz komil.