Toshkent va Yangi Toshkent shaharlarini zamonaviy urbanistik talablarga muvofiq rivojlantirish, shahar muhitini qulay, estetik va uyg‘un ko‘rinishga keltirish bo‘yicha tizimli ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda. Poytaxtning iqtisodiy va ijtimoiy nufuzi ortib borayotgani, aholining hayot sifati oshgani sari shahar infratuzilmasini zamonaviy me’yorlar asosida tartibga solish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Shu maqsadda Toshkent shahrining 2045 yilgacha bo‘lgan bosh rejasi qabul qilingan bo‘lib, unda qurilish yo‘nalishlari, muhandislik tarmoqlari, yo‘l-transport infratuzilmasi va muhofaza hududlari bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilangan.
Mazkur hujjatning mantiqiy davomi sifatida ishlab chiqilgan “Echimlar atlasi” shahar tashqi qiyofasini yaxshilash, ko‘cha va jamoat makonlarini yagona me’moriy uslub asosida shakllantirishga qaratilgan muhim loyihadir. Ushbu katalog qurilmalarni loyihalash, o‘rnatish va ulardan foydalanish qoidalarini belgilovchi qo‘llanma bo‘lib, unda jamoat joylarini tashkil etish, obodonlashtirish, fasadlarni yagona me’moriy ko‘rinishga moslashtirish bo‘yicha aniq tavsiyalar keltirilgan. Andozaviy yondashuvning joriy etilishi natijasida ko‘chalar, piyodalar zonalari, yo‘l bo‘ylari va ochiq maydonlar tizimli tarzda qayta tashkil etiladi.
Shaharsozlikda ilg‘or tajribaga asoslangan yangi tamoyillar Toshkent ko‘chalarini faqat yo‘l qatnov qismi doirasida emas, balki “binodan binogacha” qamrab olgan holda kompleks obodonlashtirishga imkon beradi. Bu, o‘z navbatida, qarovsiz hududlarning yo‘qolishi, piyodalar uchun qulay makonlar paydo bo‘lishi, jamoat makonlarining funksional va estetik jihatdan uyg‘unlashuviga xizmat qiladi. “Echimlar atlasi” barqaror rivojlanish tamoyillari, milliy kolorit va zamonaviy urbanistik yondashuvni uyg‘unlashtirgan holda shahar muhitini inson manfaatlariga mos ravishda shakllantirishni ko‘zda tutadi.
Loyiha doirasida ochiq jamoat hududlarini to‘g‘ri tashkil etish, ekologik muvozanatni saqlash, yashil hududlarni kengaytirish va shahar landshaftiga uyg‘unlik berish masalalari ham muhim o‘rin tutadi. Natijada Toshkent shahrining qiyofasi nafaqat tashqi ko‘rinish jihatidan yangilanadi, balki turmush madaniyatini oshirish, aholining psixologik qulaylik darajasini yaxshilash, shahar muhitida uyg‘unlik yaratishga ham xizmat qiladi.
“Echimlar atlasi” asosida shakllanadigan yangi yondashuv Toshkentning tarixiy qiyofasini asrab qolgan holda uni zamonaviy, funksional va estetik shahar darajasiga olib chiqishga qaratilgan muhim urbanistik bosqichdir. Mazkur tashabbus poytaxtda qulay yashash muhiti yaratish, shaharni barqaror rivojlantirish va kelajak avlod uchun zamonaviy shahar makonini shakllantirish yo‘lidagi izchil islohotlarning davomidir.