Farmon korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kurashning yangi to‘lqinini boshlab beradi

Sir emas jamiyat va uning rivojlanishiga bolta uradigan eng og‘riqli illatlardan biri bu korrupsiya hisoblanadi. Korrupsiya shunday illatki, uni bir yoki ikki idoraning sa’y-harakati bilan yo‘q qilib bo‘lmaydi. Qachonki, barcha fuqarolarimiz, jamiyat unga qarshi birgalikda kurashib, uning ildizlarini yo‘q qilishga harakat qilinsa, kutilgan natijaga erishish mumkin.


Tan olish kerak, oxirgi yillarda mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish, uning oldini olish bo‘yicha amaliy ishlarga qo‘l urildi. Ayniqsa, bu borada alohida agentlikning tashkil etilishi, davlat xaridlari, tenderlar, yuzlab davlat xizmatlarining elektron va shaffof shaklga o‘tkazilishi bugungi kunga kelib yaxshi samara beryapti.


Davlatimiz rahbari tomonidan korrupsiya masalasiga alohida e’tibor qaratilib, jamiyatimizda o‘zining turli ko‘rinishlari bilan taraqqiyotimizga to‘siq bo‘layotgan korrupsiya illatini oldini olish bo‘yicha muayyan ishlar qilinmoqda. Bu bejiz emas, albatta. Zero, Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, bu yovuz baloning oldini olmasak, haqiqiy ishbilarmonlik va investitsiya muhitini yaratib bo‘lmaydi, umuman jamiyatning birorta tarmog‘i rivojlanmaydi.


Shu ma’noda yaqinda qabul qilingan “Korrupsiyaga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha belgilangan ustuvor vazifalar ijrosini samarali tashkil etishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident farmoni bu borada boshlangan islohotlar samaradorligini yanada oshirish, korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha yangi tizimni joriy etish, ushbu masalaga jamoatchilik, parlament va fuqarolik jamiyati institutlarini keng safarbar etishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.


Farmonda juda muhim vazifalar belgilab berilganini e’tirof etish joiz. Xususan, davlat xaridlarida sotib olinadigan tovar va xizmatlar narxi hamda uning o‘rtacha bozor narxi o‘rtasidagi tafovutning eng ko‘p yo‘l qo‘yiladigan chegarasidan chetga chiqqan holda xaridlarni amalga oshirgan mansabdor shaxslar javobgarlikka tortilishi ko‘zda tutilgan. Mazkur yondashuv davlat xaridlarida mas’uliyatni oshiradi, mansabdor shaxslarni qaror qabul qilishda ehtiyotkorlikka undaydi va ijtimoiy nazoratni kuchaytiradi.


Shuningdek, farmonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha xarid qilinadigan tovarlar (ishlar, xizmatlar) turlarini kamida 2 baravar qisqartirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqiladi.


Joriy yilning 1 iyulidan yirik investitsiya loyihalarida korrupsiyaga qarshi xalqaro standartlar hamda yirik auksion shartlarini raqobatbardoshlik ekspertizasidan o‘tkazish tartibi joriy etiladi.


Xo‘sh, bu nima degani? Bu auksion yoki tender shartlari mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, ularning bozor iqtisodiyoti talablariga qanchalik mos ekani, barcha ishtirokchilar uchun teng imkoniyat yaratayotganini baholaydigan jarayondir. Qisqasi, shu orqali “bu shartnomada kimgadir afzallik berilyaptimi?”, “bu auksion haqiqatan ham ochiqmi?” degan savollarga javob topiladi. Buning natijasida investorlarning mamlakatimizga ishonchi ortadi. Milliardlab mablag‘lar samarali sarflanadi. Mahalliy tadbirkorlarning ham xalqaro loyihalarda faol ishtirok etish imkoniyati kengayadi.


Bundan tashqari farmonda yil yakuniga qadar xalqaro tender obyektlari bo‘yicha subpodratchilarni “Shaffof qurilish” tizimi orqali jalb qilish, qiymati 2 million AQSh dollarigacha bo‘lgan xalqaro moliya tashkilotlar hisobidan moliyalashtiriladigan mahalliy tenderlarni “Shaffof qurilish” tizimida o‘tkazish hamda xalqaro tenderlar bo‘yicha jalb qilingan chet el pudrat tashkilotlari shartnoma qiymatining kamida 60 foizini o‘z kuchi bilan bajarish tartibini joriy etish choralari ko‘riladi.


2026 yil 1 yanvarga qadar vazirlik va idoralar, mahalliy hokimliklar tomonidan ko‘rsatiladigan barcha davlat xizmatlarini tuman (shahar) kesimida aholining o‘zi baholaydigan tizim joriy etiladi. Bunda, aholi tomonidan “qoniqarsiz” deb baholangan davlat xizmatlarini ko‘rsatuvchi vazirlik, idora rahbarlari hamda tuman va shaharlar hokimlarining shaxsiy javobgarligi belgilanadi.


Aholining kundalik hayotida uchraydigan savollariga mobil telefon orqali sodda va qulay shaklda javob olish imkoniyatini beradigan onlayn platforma ishga tushiriladi. Shuningdek, fuqarolarga sifatli yuridik yordam ko‘rsatilishida advokatlar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqiladi.


Xulosa qilib aytganda, farmon korrupsiyaga qarshi keng ko‘lamli kurashning yangi to‘lqinini boshlab beradi. Demak, mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashda barchamiz bir tan-u bir jon bo‘lib, birgalikda kurashishimiz lozim. Zotan, bu o‘ta jiddiy, chuqur ildizga ega muammoni jamoatchilikning faol ishtirokisiz yo‘q qilish qiyin.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish