2026-yil 11-iyunda qabul qilingan O‘RQ–1151-sonli Qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Mazkur o‘zgarishlar giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish samaradorligini oshirishga qaratilgan.
Jinoyat kodeksiga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki ularning analoglarini ishlab chiqarish, tayyorlash va qayta ishlash uchun noqonuniy narkolaboratoriyalar tashkil etgan shaxslar 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Shuningdek, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar, ularning analoglari yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarni iste’mol qilish yoxud tarqatish uchun bangixona tashkil etish yoki saqlash 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Qonunga ko‘ra, giyohvandlik vositalari, psixotrop moddalar yoki kuchli ta’sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasiga homiylik qilish uchun ham jinoiy javobgarlik kuchaytirilib, 5 yildan 8 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Bundan tashqari, kuchli ta’sir qiluvchi yoki zaharli moddalarni o‘g‘rilik yoki firibgarlik yo‘li bilan noqonuniy egallash uchun:
- 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari;
- 2 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash;
- 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazolari qo‘llaniladi.
Mazkur o‘zgarishlar jamiyat salomatligini muhofaza qilish, giyohvandlik jinoyatlarining oldini olish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.