Guliston shahriga yangi avtobuslar keltirildi

Prezident Shavkat Mirziyoyev Guliston shahrida jamoat transporti infratuzilmasini yaxshilash maqsadida olib kelingan zamonaviy avtobuslar taqdimoti bilan tanishdi.

Ma’lum qilinishicha, shahar ichki yo‘nalishlarida qatnovni yo‘lga qo‘yish uchun 52 ta yangi avtobus olib kelingan. Ular “Yevro-5” ekologik standartlariga javob beradi va siqilgan tabiiy gazda harakatlanadi.

Avtobuslar har biri 65 nafar yo‘lovchini tashishga mo‘ljallangan bo‘lib, past polli hisoblanadi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus panduslar va alohida o‘rindiqlar bilan jihozlangan. Shuningdek, yo‘l haqi to‘lovlarini elektron shaklda amalga oshirish uchun “ATTO” tizimi o‘rnatilgan.

Aholining jamoat transportiga bo‘lgan ehtiyojidan kelib chiqib, ushbu avtobuslar Guliston shahrining 23 ta mahallasini qamrab oluvchi 7 ta yo‘nalishda brutto-shartnoma asosida qatnaydi.

Natijada avtobuslar harakat oralig‘i avvalgiga nisbatan ikki barobarga qisqaradi va kuniga qariyb 29 ming nafar aholiga qulay, xavfsiz hamda arzon transport xizmati ko‘rsatiladi.

Shuningdek, ushbu qatnovlar orqali yiliga 38 milliard so‘mdan ortiq transport xizmatlari ko‘rsatilishi, 120 ta yangi ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda.

Prezident mutasaddilarga respublikaning boshqa shaharlarida ham jamoat transporti parklarini shunday zamonaviy avtobuslar bilan bosqichma-bosqich yangilash va aholiga sifatli xizmat ko‘rsatishni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.

Shu bilan birga, kelgusida 11 metrli, uzoq masofaga mo‘ljallangan yana 30 ta avtobus olib kelish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Ushbu loyiha amalga oshirilsa, qo‘shimcha 150 dan ortiq ish o‘rni yaratiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish