Bugun yurtimizda inson salomatligiga bo‘lgan e’tibor har qachongidan ham kuchaymoqda. Hayot uchun xavfli kasalliklarni erta aniqlash va samarali davolashga qaratilgan keng ko‘lamli ishlar o‘z samarasini bermoqda. Ayniqsa, onkologik, gematologik va onkogematologik xastaliklarga qarshi kurashda zamonaviy tibbiy imkoniyatlar kengayib, bemorlarga ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish sifati tobora yuksalmoqda. Shuningdek, palliativ va xospis xizmatlarini rivojlantirish orqali og‘ir dard bilan kurashayotgan insonlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning hayot sifatini yaxshilashga alohida ahamiyat berilmoqda. Bu ezgu sa’y-harakatlar yurtimizda inson va uning qadri har narsadan ustun ekani tasdig‘idir.
Kuni kecha davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev onkologik va gematologik tibbiy yordam hamda palliativ xizmat ko‘rsatish tizimini takomillashtirish, davlat tibbiyot muassasalari xodimlarini moddiy qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Unda saraton kasalliklarining oldini olish, erta aniqlash va davolash tizimini xalqaro standartlar asosida takomillashtirish bo‘yicha ishlab chiqilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.
Shu o‘rinda palliativ va xospis xizmati o‘zi nima ekanligiga qisqacha to‘xtalib o‘tish joiz. Palliativ yordam - og‘ir va surunkali kasalliklarga chalingan bemorlarning hayot sifatini yaxshilashga qaratilgan tibbiy, psixologik va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni o‘z ichiga oladigan xizmat bo‘lib, uning asosiy maqsadi og‘riq va boshqa og‘ir simptomlarni yengillashtirish hamda bemor va uning oilasiga yordam ko‘rsatishdan iboratdir.
Xospis xizmati esa davolash imkoniyati past bo‘lgan bemorlarga hayotning so‘nggi bosqichida munosib parvarish, og‘riqsizlik va ruhiy taskin berishga qaratilgan maxsus xizmat hisoblanadi.
Bugungi kunda onkologik va gematologik kasalliklar nafaqat tibbiy, balki ijtimoiy ahamiyatga ega masalalar qatoriga kiradi. Ushbu kasalliklarni erta aniqlash, samarali davolash va bemorlarni kompleks qo‘llab-quvvatlash choralarining davlat siyosatining ustuvor vazifasi sifatida belgilanishi sog‘liqni saqlash sohasini izchil rivojlantirishga qaratilgan yondashuvning amaliy ifodasidir.
Taqdimotda qayd etilganidek, eng ko‘p uchraydigan saraton kasalliklarini erta tashxislash dasturlari ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amaliyotga kiritiladi. Bemorlarni qisqa muddatda tekshiruvdan o‘tkazish va tashxis qo‘yish imkonini beradigan tezkor tashxislash yo‘nalishlari yo‘lga qo‘yiladi.
Nur terapiyasi xizmatini modernizatsiya qilishga ham alohida e’tibor qaratiladi. Jumladan, eskirgan kobalt qurilmalari bosqichma-bosqich zamonaviy chiziqli tezlatkichlarga almashtiriladi, yuqori dozali braxiterapiya imkoniyatlari kengaytiriladi.
Belgilangan vazifalar onkologiya va gematologiya sohasida zamonaviy diagnostika va davolash texnologiyalarini keng joriy etish, tibbiyot muassasalarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash hamda aholining yuqori texnologiyali tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, hududlarda skrining dasturlari qamrovini kengaytirish, kasalliklarni erta bosqichlarda aniqlash va davolash samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarning izchil amalga oshirilishi ta’minlanadi.
Alohida qayd etish lozimki, bemorlarni zarur dori vositalari bilan ta’minlash, sohada faoliyat yuritayotgan mutaxassislarning kasbiy malakasini oshirish, ilg‘or xalqaro tajribani amaliyotga tatbiq etish hamda ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilangan vazifalar sohada mavjud tizimli masalalarni hal etishga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, palliativ tibbiy yordam xizmatlarini rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar og‘ir kasalliklarga chalingan bemorlar va ularning oila a’zolari uchun zarur shart-sharoitlarni takomillashtirish, ularning hayot sifati hamda ijtimoiy-psixologik qo‘llab-quvvatlanish darajasini oshirish imkoniyatlarini kengaytiradi. Zero, inson salomatligini muhofaza qilish, aholini sifatli tibbiy xizmatlar bilan ta’minlash va og‘ir kasalliklarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish mamlakat taraqqiyotining muhim omillaridan biri hisoblanadi.
Mazkur islohotlar inson hayoti va salomatligini ta’minlashga qaratilgan davlat siyosatining mantiqiy davomi bo‘lib, aholi salomatligini mustahkamlash, umr davomiyligini oshirish va hayot sifatini yaxshilashga xizmat qiladi.