Izchil tashqi va ichki siyosatning yana bir yorqin ifodasi

Bugungi kunda Isroil — Falastin o‘rtasidagi mojaroli vaziyat butun dunyo ahli singari xalqimizni ham bezovta qilib kelmoqda. Bu borada qat’iy choralar ko‘rilishi, tinchlik o‘rnatilishi va ikkala tomon uchun maqbul yechimlar topilishi lozimligi aytilmoqda. Ayniqsa, hududda jabr ko‘rib kelayotgan insonlar hayotini saqlash, barchaga munosib sharoitlarni yaratishni maqsad qilgan kelishuvlarga erishish masalasi keng jamoatchilik va siyosiy kuchlar tomonidan ko‘tarilmoqda.

O‘zbekistonda insonparvarlik tamoyili asosida amalga oshirilayotgan ishlar hamda nizolarni tinchlik va diplomatik yo‘l bilan hal etish bo‘yicha ilgari surilayotgan tashabbuslar jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirofga sazovor bo‘lmoqda.

So‘nggi yillarda xalqaro miqyosda o‘tkazilayotgan deyarli har bir yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan ushbu masalaga oid mustahkam pozitsiya bildirilmoqda. Yagona yechim sifatida “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyiliga rioya qilgan holda mojaroni tinchlik yo‘li bilan hal qilish ta’kidlanmoqda.

Ma’lumki, G‘azo sektori aholisiga yordam ko‘rsatish uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining maxsus agentligi doirasida yordam tashkil qilingan. O‘zbekiston ham ushbu nufuzli tashkilotning ishtirokchi davlati sifatida faollik ko‘rsatib, o‘z hissasini qo‘shib kelmoqda.

2024 yil 11 noyabrda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan arab-islom sammiti davomida O‘zbekiston tomonidan Falastin hududlarida ro‘y bergan harbiy operatsiyalar mobaynida jabr ko‘rgan bolalar va ayollarni mamlakatimiz shifoxonalarida beg‘araz davolash tashabbusi ilgari surilgan edi. Bir oy ichida 100 nafar falastinlik yarador ayollar va bolalar ularning hamrohlari bilan birga O‘zbekistonga evakuatsiya qilinib, tegishli tibbiy yordam ko‘rsatilgani xalqimiz tomonidan olqishlandi.

Har qanday sinovli vaziyatlarda yurtdoshlarimiz bag‘rikengligi, mehr-shafqati va insonparvarlik an’analarini namoyon etishga hozirligini har doim his qilib kelganmiz. Biz, deputatlarga fuqarolarimizdan kelib tushayotgan murojaatlarda falastin xalqining boshiga tushgan og‘ir va musibatli vaziyatlardan bezovta bo‘lib bildirayotgan fikrlar bugungi kunda ham xalqimiz va millatimizning bag‘rikenglik va mehr-u muruvvatga asoslangan qadriyatlarining barhayot va yuksak darajada ekanligidan dalolat berib turibdi.

Sahovatpesha xalqimiz Ikkinchi jahon urushi davrida bir million besh yuz mingga yaqin jabr ko‘rgan insonlarni, oilalarni, ota-onadan ajragan bolalarni o‘z bag‘riga olib, hamdard bo‘lib, uyining to‘ridan joy berib, mehr ko‘rsatib, tuz-nonini bo‘lishganini dunyoning ko‘p joylarida bilishadi. O‘zbekiston zaminida e’tibor, mehr va parvarish topganlarning bugungi avlodlari o‘sha davrlarni, bizlarni bag‘rikeng otaxon va onaxonlarimizni, bobo-buvilarimizni iliq va samimiy so‘zlar bilan eslab, oliy himmat yurtdoshlarimizga minnatdorliklarini bildirishadi.

Yurtimizda insonparvarlikka asoslangan munosabatlarni yanada mustahkamlash hamda ehtiyojmand insonlarga yordam ko‘rsatishni oliy maqsad qilgan davlatimizning izchil siyosati natijasida jamiyatimiz ezgulik g‘oyalari atrofida birlashmoqda.

Prezidentimizning “O‘zbekistondagi bir guruh falastinlik fuqarolarga davlat g‘amxo‘rligi, mehr-shafqat tamoyillari asosida ko‘mak berish tizimini yo‘lga qo‘yish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni yurtimizda inson qadri, sha’ni va hayotining ustunligi, muhtojlarga mehr va ko‘mak berish, insonparvarlik g‘oyalari mujassam bo‘lgan e’tiqodimiz va azaliy qadriyatlarimizning dalilidir.

O‘zbekistonga olib kelingan falastinlik mehmonlarga boshpana berilishi va ko‘mak ko‘rsatilishi bo‘yicha aniq amaliy ishlarni o‘zida mujassam etgan ushbu hujjat ko‘p millatli xalqimizning asl qadriyatlarini namoyon etib, tinchliksevarlik, bag‘rikenglik, insonparvarlik va mehr-u muruvvat tamoyillariga asoslangan. Unda falastinlik mehmonlarning ijtimoiylashuvini ta’minlash, ularni jamiyatimizga integratsiya qilish ishlarini jadallashtirish, ehtiyojlarni aniqlash ishlarini tashkil qilish, ijtimoiy xizmat va yordamlar bilan qamrab olish ko‘zda tutildi. Farzandlarini ta’limga jalb qilish, sog‘ligini qo‘llab-quvvatlash va bandligini ta’minlashga oid vazifalar nazarda tutildi. Shuningdek, belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish va uning ijrosini tashkil etish masalalari ham aks etdi.

Mazkur Farmon davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan barqarorlik, taraqqiyot, farovonlik va bunyodkorlikka yo‘naltirilgan izchil tashqi va ichki siyosatning yana bir yorqin ifodasidir.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish