Ustuvor vazifalar sog‘liqni saqlash tizimida katta burilish yasaydi

Prezidentimiz raisligida o‘tgan videoselektor yig‘ilishida Yangi O‘zbekiston sog‘liqni saqlash tizimining keyingi bosqichdagi rivojlanish strategiyasi belgilab berildi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Muloqotda tibbiyotning birlamchi bo‘g‘ini va ixtisoslashgan muassasalarda xizmatlar sifatini oshirish, dori iste’molini tartibga solish hamda tibbiy ta’limni takomillashtirish bo‘yicha islohotlar, shu bilan birga, kamchiliklar haqida ham ro‘y-rost aytildi. “Bizda tibbiyot xodimlari sonida ham, moliyalashtirishda ham muammo yo‘q. Lekin sifat borasida savollar juda ko‘p”, dedi davlat rahbari.

Yig‘ilishda qator yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim topshiriqlar berildi. Xususan, tibbiy xizmatni aholiga yaqinlashtirish, birlamchi tizimning bu boradagi mutlaq yangi mexanizmlarini shakllantirish to‘g‘risida alohida so‘z yuritildi. Eng muhimi, tahlil bo‘ldi. Tahlilda muammolar ko‘rsatildi. Ularning yechimi bo‘yicha topshiriqlar berildi. Kerak bo‘lsa, har bir vazifa ijrosi uchun moliyaviy manba ham belgilandi.

Eng og‘riqli va eng dolzarb masalalardan biri bu shubhasiz mamlakatimizda dori iste’molini tartibga solishdir. Prezidentimiz tomonidan rivojlangan davlatlar “dalillarga asoslangan tibbiyot”ga tayanib, keng miqyosda o‘tkazilgan klinik tadqiqotlar orqali samaradorligi va xavfsizligi aniqlangan dorilardan foydalanib kelayotgani alohida ta’kidlandi. Yurtimizda samaradorligi isbotlanmagan dorilarning importdagi ulushi 42 foiz. Shifokorlar ularni hamon tavsiya etayotgani sababli aholi iste’mol qilmoqda. Shu bois sog‘liqni saqlash vaziriga xalqaro manbalarda “samara­siz yoki samarasi o‘rganilmagan” deb topilgan vositalarni klinik protokollardan chiqarish vazifasi qo‘yildi.

Barcha tibbiyot muassasalari, birinchi navbatda, bolalar shifoxonalarida antibiotiklarni asosli qo‘llash bo‘yicha taftish o‘tkazish topshirig‘i berildi. Bu nihoyatda muhim vazifa. Negaki, bolalar organizmi hali shakllanish jarayonida bo‘lgani bois, har qanday dori vositasi ularda nojo‘ya asorat keltirib chiqarishi mumkin. Afsuski, amaliyotda ko‘p hollarda virusli infeksiyalar (ORVI, gripp, bronxitlar) uchun ham antibiotiklar tavsiya qilinmoqda. Bu esa birinchi galda bolaning ichak florasiga, immunitet tizimiga zarar yetkazadi, qolaversa, antibiotiklarga bo‘lgan chidamlilikni oshiradi. Ya’ni kelgusida boshqa engilroq dori vositalari bolaga ta’sir qilmay qo‘yadi.

Xo‘sh, ushbu taftish nima beradi? Avvalo barcha tibbiyot muassasalarida antibiotiklardan foydalanish statistikasi qayta ko‘rib chiqiladi, shifokorlarga antibiotik terapiyasi bo‘yicha qayta o‘quv kurslari tashkil etiladi, bolalarga antibiotik tayinlashda faqat klinik tahlillar asosida qaror qabul qilish talabi qo‘yiladi hamda dorixonalarda antibiotiklarni retsoptsiz sotishga cheklovlar kuchaytiriladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Prezidentimizning videoselektor yig‘ilishida belgilab bergan ustuvor vazifalar sog‘liqni saqlash tizimida katta burilish yasaydi. Tibbiyotimizni yangi bosqichga olib chiqishga zamin yaratadi. Qolaversa, mamlakatimizda sohaning yangi uyg‘onish davrini boshlab beradi.

 
 
Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish