Mehnat migratsiyasi Turkiya va Markaziy Osiyo hamkorligida yangi imkoniyatlar ochmoqda

Turkiyaning Daily Sabah nashrida “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakovning mehnat migratsiyasi va Turkiya–Markaziy Osiyo hamkorligiga bag‘ishlangan maqolasi e’lon qilindi. Muallif unda mehnat bozorlaridagi ehtiyojlarni uyg‘unlashtirish orqali fuqarolar uchun xavfsiz va qonuniy ish imkoniyatlarini kengaytirish masalasini tahlil qiladi.

Maqolada qayd etilishicha, Markaziy Osiyo fuqarolari uchun xorijda ishlash yo‘nalishlari kengaymoqda. Turkiya iqtisodiyotining turli sohalarida mutaxassislarga talab mavjud, Markaziy Osiyo mamlakatlarida esa yosh va o‘sib borayotgan mehnat resurslari bor. Biroq bu imkoniyatdan samarali foydalanish uchun ish beruvchining talabi bilan nomzodning kasbiy tayyorgarligini oldindan moslashtirish zarur.

Muallif mehnat migratsiyasidagi asosiy xavflardan biri fuqarolarning ish sharoiti haqida yetarli ma’lumotga ega bo‘lmasdan yoki norasmiy vositachilarga tayanib yo‘lga chiqishi ekanini ta’kidlaydi. Bunday vaziyatda ish haqi, mehnat shartnomasi va ijtimoiy himoya masalalarida muammolar yuzaga kelishi mumkin. Shu bois ish o‘rinlarini tekshirish, nomzodlarni jo‘nab ketishidan avval tayyorlash va qonuniy shartnomalar asosida ishga joylashtirish muhim ahamiyatga ega. 

Maqolada O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida 2026-yil yanvar oyida imzolangan kelishuvlarga alohida e’tibor qaratilgan. Ular talab yuqori bo‘lgan kasblar haqidagi ma’lumotlarni almashish va tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasini rivojlantirish uchun asos yaratadi. Eldor Tulyakovning fikricha, ushbu tajribani kelgusida kengroq mintaqaviy hamkorlik bilan bog‘lash mumkin.

Turkiy davlatlar tashkiloti doirasida kasbiy ta’lim, malakalarni o‘zaro tan olish, raqamli bandlik xizmatlari va ijtimoiy himoya bo‘yicha hamkorlikni kuchaytirish taklif etilmoqda. Bunda muvaffaqiyat faqat xorijga ishga ketganlar soni bilan baholanmasligi kerak. Fuqaroning qonuniy ishga ega bo‘lishi, yangi ko‘nikmalar orttirishi va mehnat huquqlari himoyalanishi ham asosiy natijalardir.

Muallif qaytib kelgan fuqarolarning tajribasi va jamg‘armalaridan tadbirkorlik hamda investitsiya loyihalarida foydalanish imkoniyatiga ham to‘xtaladi. Shu tariqa mehnat migratsiyasi daromad manbai bo‘lish bilan birga, bilim va ko‘nikmalar almashinuvi orqali mamlakatlar o‘rtasidagi uzoq muddatli hamkorlikka xizmat qilishi mumkin. 

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish