Mustaqillik O‘zbekiston taraqqiyotida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berdi. O‘tgan davrda mamlakat rejali iqtisodiyot modelidan bozor tamoyillariga asoslangan tizimga bosqichma-bosqich o‘tdi, davlat va jamiyat boshqaruvining demokratik institutlari shakllantirildi, fuqarolik jamiyatining institutsional asoslari yaratildi. Shu bilan birga, mazkur jarayonlar murakkab ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarda, tashqi iqtisodiy bosimlar, global raqobat va geosiyosiy o‘zgarishlar ta’sirida amalga oshirilganini alohida ta’kidlash zarur.
2016-yildan boshlab Prezidentimiz rahbarligidagi islohotlar mamlakat taraqqiyotida yangi sifat bosqichini boshlab berdi. “Yangi O‘zbekiston” kontseptsiyasi doirasida ilgari surilgan islohotlar davlat boshqaruvini liberallashtirish, iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish va jamiyat hayotining barcha sohasida ochiqlikni ta’minlashga qaratildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyaning qabul qilinishi, “O‘zbekiston — 2030” strategiyasining ishlab chiqilishi, tashqi siyosatda pragmatik va ochiq yondashuvning kuchayishi, investitsiya muhitini yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar, shuningdek, raqamli transformatsiya jarayonlarining jadallashuvi mamlakatimizning barqaror va jadal rivojlanishini ta’minlamoqda.
Natijada O‘zbekiston so‘nggi yillarda nafaqat milliy iqtisodiyotni modernizatsiya qilish, balki mintaqaviy va global iqtisodiy jarayonlarda faol ishtirok etuvchi davlat sifatida pozitsiyasini mustahkamlamoqda. Bu esa istiqlol yillarida tanlangan taraqqiyot yo‘lining strategik jihatdan to‘g‘ri va uzoq muddatli manfaatlarga xizmat qilayotganini ko‘rsatadi.
Endi iqtisodiy ko‘rsatkichlarga murojaat qilish orqali islohotlarning amaliy natijalarini baholash mumkin. 2026-yilning birinchi choragida mamlakatimiz iqtisodiyoti barcha asosiy yo‘nalish bo‘yicha barqaror o‘sish dinamikasini namoyon etdi. Xususan, yalpi ichki mahsulotning 8,7 foizga o‘sishi nafaqat milliy miqyosda, balki global iqtisodiy vaziyat nuqtai nazaridan ham yuqori ko‘rsatkichdir. Bugun rivojlanayotgan mamlakatlarda o‘rtacha iqtisodiy o‘sish sur’ati 4-5 foiz atrofida shakllanayotganini inobatga olsak, mazkur natija ichki iqtisodiy faollikning sezilarli darajada oshgani va islohotlarning muayyan samara berayotganini ko‘rsatadi.
Iqtisodiyotdagi eng muhim tizimli islohotlardan biri xususiylashtirish jarayonini jadallashtirishdir. Bugun iqtisodiyotda davlat ulushi 42 foizni, davlat ishtirokidagi korxonalar soni 1685 tani tashkil etmoqda. So‘nggi besh yilda xususiylashtirish natijasida davlat korxonalari soni 60 foiz kamaydi. Bu nihoyatda muhim iqtisodiy o‘zgarishdir.
Keyingi besh yilda davlat korxonalari sonining 60 foiz qisqargani islohotlar dinamikasi sezilarli darajada tezlashganini anglatadi. Xususan, o‘tgan yilda qariyb 30 trillion so‘mlik davlat aktivlarining xususiy sektorga o‘tkazilishi va byudjetga 10 trillion so‘mdan ortiq tushum kelib tushgani ushbu jarayonning fiskal samarasini namoyon etadi. Shu bilan birga, yer uchastkalarini sotishdan 6 trillion so‘mlik mablag‘ shakllangani aktivlarni bozor mexanizmlari orqali taqsimlash amaliyoti kengayib borayotganini ko‘rsatadi. Bu raqamlarni uzoq davom ettirishimiz mumkin. Lekin maqsadimiz erishilgan yutuqlarni birma-bir sanash emas, balki ayni paytda mamlakatimizning iqtisodiy imkoniyatlari keyingi yillarda qay darajada o‘sganligi, barqarorlashgani xususida mulohaza yuritishdan iboratdir.
Mulohazani davom ettirib, shuni ishonch bilan aytish mumkinki, mustaqilligimizning 35 yilligi nishonlanadigan 2026-yilda O‘zbekiston global iqtisodiy arenada o‘zini “iqtisodiyoti mo‘’tadil erkin” davlat sifatida ilk bor rasmiy tan oldirdi. Bu mavqe yangi O‘zbekiston davrining jadal o‘zgarishlarini jamlagan yuksak e’tirofdir.
Qolaversa, Yangi O‘zbekiston Markaziy Osiyoning eng ko‘p aholiga ega, iqtisodiy jihatdan eng faol davlati sifatida mintaqaviy yetakchilik mavqeini mustahkamlamoqda. Yaxshi qo‘shnichilik siyosati, mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirish mamlakatning geosiyosiy risklarini kamaytirib, iqtisodiy imkoniyatlarini oshirmoqda.
Islohotlar ko‘lami iqtisodiy siyosatda tizimli va kompleks yondashuv ustuvor ahamiyat kasb etayotganini ko‘rsatadi. Bu jarayonda iqtisodiyotda davlat ishtirokini bosqichma-bosqich qisqartirish va xususiy sektor rolini kuchaytirish, soliq tizimini nazoratga asoslangan yondashuvdan xizmat ko‘rsatish tamoyiliga o‘tkazish, bank-moliya tizimini rivojlantirish orqali yangi ish o‘rinlari yaratish kabi vazifalar muhim o‘rin tutadi. Shu bilan birga, raqamli texnologiyalar va sun’iy intellektni ishlab chiqarish, soliq va davlat boshqaruvi tizimlariga keng joriy etish, mahalla darajasida inklyuziv iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, byudjet intizomi va moliyaviy boshqaruvni kuchaytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Turizm, xizmatlar sohasi va eksport tarkibini diversifikatsiya qilish esa iqtisodiyotning yangi o‘sish nuqtalarini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Aslida, bu islohotlarning har biri alohida yo‘nalish bo‘lib ko‘rinsa-da, ularning zamirida yagona maqsad va o‘zaro bog‘liq mexanizm mujassam. Xususiylashtirish iqtisodiyotda xususiy sektor ulushini kengaytirish bilan birga, davlat moliyasining barqarorligini mustahkamlashga xizmat qiladi. Soliq ma’murchiligining takomillashuvi byudjet tushumlarini ko‘paytirsa, raqamli texnologiyalarning keng joriy etilishi jarayonlarning shaffofligini oshirib, boshqaruv xarajatlarini qisqartirish imkonini beradi. Mahalla darajasidagi islohotlar esa iqtisodiy faollikni qo‘llab-quvvatlash, aholi bandligini ta’minlash va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shu tariqa, iqtisodiyot, moliya, boshqaruv va ijtimoiy sohadagi o‘zgarishlar bir-birini to‘ldirib, mamlakat taraqqiyoti uchun yagona va yaxlit mexanizmni shakllantiradi. Bu mexanizmning kuchi esa har bir islohotning alohida natijasida emas, balki ularning o‘zaro uyg‘unligi va bir maqsad sari yo‘naltirilganida namoyon bo‘ladi.
Ha, bugun mamlakatimiz 240 milliard dollar YaIMga qarab boryapti. Bu mustaqillikning keyingi o‘n yilida olib borilgan izchil va dadil islohotlarning natijasi desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.
Eng asosiysi, mana shu iqtisodiy islohotlar markazida inson va uning manfaatlari ustuvor. Ana shunday ezgu maqsadlar sari intilayotgan Yangi O‘zbekistonimiz taraqqiyotiga aslo ko‘z tegmasin. Yaqinlashib kelayotgan istiqlolimizning 35 yillik shodiyonalari barchamizga muborak bo‘lsin.