“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi ijrosi: joylardagi natijalar qanday baholanmoqda?

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining ijrosini baholashda rasmiy hisobotlar bilan cheklanib qolmasdan, amalga oshirilgan ishlar aholining kundalik hayotida qanday o‘zgarish yasayotganini aniqlash muhim. 21-avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Strategik rivojlanish va islohotlar agentligi tashkil etgan matbuot anjumanida aynan shu masala muhokama markazida bo‘ldi.

Strategiyaning birinchi yarim yillik natijalariga bag‘ishlangan anjumanda Adliya vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi va “Yuksalish” harakati rahbarlari ishtirok etdi. Ular amalga oshirilgan ishlar bilan birga, joylarda aniqlangan muammolar va kelgusi vazifalar yuzasidan ma’lumot berdi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov strategiya hamda uning ijrosini ta’minlovchi 2026-yilgi Davlat dasturi doirasida olib borilgan jamoatchilik monitoringi haqida so‘z yuritdi. Prezidentning PF–21 va PF–22-son farmonlariga muvofiq, Markaz davlat dasturlari va strategik hujjatlar ijrosini jamoatchilik fikrini inobatga olgan holda joylarda o‘rganmoqda. Bu jarayonga mahalliy nodavlat notijorat tashkilotlari ham jalb etilmoqda.

May–iyul oylarida uchta hududda o‘tkazilgan monitoring davomida 38 ta obyektga bevosita borib, ularning holati o‘rganildi. Jarayonda mahalliy hokimliklar, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalari hamda 49 ta mahalliy nodavlat notijorat tashkiloti qatnashdi. O‘rganishlar ta’lim va tibbiyot muassasalari, mahallalar, jamoat transporti bekatlari, shuningdek, suv tejovchi texnologiyalar joriy etilgan obyektlarni qamrab oldi.

Eldor Tulyakov qayd etganidek, monitoringning maqsadi vazifa bajarilganini qayd etish bilangina cheklanmaydi. Muhimi, qurilgan yoki yangilangan obyekt aholiga qay darajada qulaylik yaratayotgani, ko‘rsatilayotgan xizmat sifati va belgilangan chora-tadbirlar amalda qanday natija berayotganini aniqlashdir.

Monitoring natijalari hududiy dasturlarni tuzishda aholining real ehtiyojlarini chuqurroq hisobga olish zarurligini ko‘rsatdi. Rasmiy hisobotlardagi ma’lumotlarni joylardagi holat bilan solishtirish, natijalarni raqamli ma’lumotlar orqali tasdiqlash va ijro intizomini kuchaytirish muhimligi ta’kidlandi.

Xususan, bandlik, mikroloyihalar va yaratilgan yangi ish o‘rinlari haqidagi ma’lumotlarni keyinchalik qayta tekshirish imkonini beradigan elektron reyestrlarni shakllantirish taklif etildi. Ijtimoiy obyektlarni baholashda esa ularning soni yoki xizmat qamrovining o‘zi yetarli emas. Muassasa xavfsizligi, xizmat sifati va aholiga qulayligi ham asosiy mezon bo‘lishi lozim.

Monitoringda 49 ta mahalliy NNTning qatnashgani obyektlar faoliyati va mavjud muammolarni aholi nuqtai nazaridan ham ko‘rib chiqish imkonini berdi. Anjumanda fuqarolik jamiyati institutlarini strategiya va davlat dasturlari ijrosini mustaqil baholash, aholi fikrini o‘rganish hamda amaliy takliflar ishlab chiqishga yanada kengroq jalb etish zarurligi qayd etildi.

Matbuot anjumanida ilgari surilgan asosiy yondashuv shundan iborat bo‘ldiki, strategiya ijrosi sarflangan mablag‘ yoki bajarilgan tadbirlar soni bilangina o‘lchanmasligi kerak. Uning natijasi ta’lim, tibbiyot, transport va boshqa xizmatlarning odamlar uchun qanchalik sifatli hamda qulay bo‘lib borayotganida namoyon bo‘ladi.

“Taraqqiyot strategiyasi” markazi strategiyaning joylardagi ijrosini jamoatchilik ishtirokida o‘rganish, tizimli muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etish bo‘yicha asoslangan takliflar ishlab chiqish ishlarini davom ettiradi.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish