Mustaqillik – Yangi O‘zbekiston taraqqiyotining muhim poydevori

Mustaqillik har qanday davlat va millat uchun beqiyos qadriyat, erkinlik va o‘zligini anglashning yuksak namunasisdir. O‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy taraqqiyot yo‘lini mustaqil ravishda tanlash va rivojlantirish imkoniyati aynan mustaqillik tufayli vujudga keladi. Shu ma’noda, 1991 yil 31 avgust sanasi tarixiy voqea sifatida yuksak qadrlanadi.

 

O‘tgan davr mobaynida mustaqillik barcha sohalarda tub islohotlar va o‘zgarishlarni amalga oshirish, davlat va jamiyat hayotida demokratik tamoyillarni qaror toptirish, inson qadrini yuksaltirishda mustahkam asos bo‘lib xizmat qildi. Milliy suverenitet va davlat mustaqilligi mamlakatimizni xalqaro huquqning to‘laqonli sub’ektiga aylantirib, jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashini ta’minladi. O‘z navbatida, bu Vatanimizning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanishiga kuchli turtki bo‘ldi.

 

Bugungi kunda mamlakatimiz taraqqiyotining yangi bosqichi – Yangi O‘zbekiston davrida istiqlol g‘oyalari yanada chuqur mazmun kasb etmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilayotgan “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi milliy mustaqillik g‘oyalarining mantiqiy davomi bo‘lib, barcha sohalarda tizimli islohotlarni amalga oshirishga xizmat qilmoqda. Strategiyada inson huquq va erkinliklari, demokratik boshqaruv, qonuniylik, ta’lim, sog‘liqni saqlash, atrof-muhit muhofazasi va tashqi siyosatga oid ustuvor vazifalar belgilangan.

 

Mustaqillik faqat davlat ramzlari va chegaralar bilan emas, balki fuqarolarning ongida shakllanadigan milliy g‘urur, yurtga sadoqat va mas’uliyat tuyg‘usi orqali mustahkamlanadi. Mustaqillik asosida mamlakatimizda huquqiy demokratik davlat va fuqarolik jamiyatini shakllantirish, xalqimizning turmush darajasini oshirish, inson qadrini e’zozlash va yosh avlodga munosib kelajak yaratish maqsadida amaliy ishlar olib borilmoqda.

 

Bundan tashqari, O‘zbekiston mustaqil tashqi siyosat yuritish orqali mintaqada tinchlik va barqarorlikni ta’minlashga, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlashga va xalqaro maydondagi nufuzini yanada yuksaltirishga erishmoqda. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan global tashabbuslar va dunyo mamlakatlari bilan teng va o‘zaro manfaatli hamkorlik mustaqil tashqi siyosat samaralaridir. Birgina misol: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 avgust kuni Turkmanboshi shahridagi “Avaza” milliy turizm hududida o‘tayotgan BMTning Dengizga chiqish imkoniyati bo‘lmagan rivojlanayotgan mamlakatlar bo‘yicha uchinchi konferensiyasida qatnashib, juda muhim tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, xalqaro transport yo‘laklari va infratuzilmasini jadal rivojlantirish uchun o‘zaro muvofiqlashgan harakatlarni amalga oshirish zarurligi ta’kidlandi. “O‘zbekiston – Afg‘oniston – Pokiston” temir yo‘lini qurish loyihasini amalga oshirishni jadallashtirish va uni qurilayotgan “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘l magistrali bilan tutashtirish muhimligi aytildi. Davlatimiz rahbari O‘rta yo‘lak salohiyatini, eng avvalo, o‘zaro kelishilgan tranzit siyosatini yuritish, qoidalarni unifikatsiya qilish va konteyner tashuvlari uchun maqbul tariflarni joriy etish orqali to‘liq ishga solishga chaqirdi.

 

O‘zbekiston Prezidenti, shuningdek, BMT shafeligida dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlar uchun Tranzit kafolatlari to‘g‘risidagi global bitimni ishlab chiqishni taklif qildi. Shuningdek, tranzit imkoniyatlarining cheklanishini xolisona aniqlash, xalqaro moliyaviy-texnik dasturlarni kengaytirish va resurslarni real sharoitlarni hisobga olgan holda samarali taqsimlash maqsadida Dengizga chiqish yo‘liga ega bo‘lmagan mamlakatlarning Zaiflik global indeksini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surildi.

 

Xulosa o‘rnida aytish joizki, mustaqillikni asrash va uning hayotiy mazmunini yanada boyitish, uni kelajak avlod ongiga singdirish nafaqat tarixiy burch, balki har bir fuqaroning Vatan oldidagi mas’uliyatidir. Mustaqillik – bizning o‘zligimiz, or-nomusimiz, faxrimiz va istiqbolimizdir. Unga tayanib, Yangi O‘zbekistonni adolatli, erkin va farovon jamiyatga aylantiramiz.

Ijtimoiy tarmoqlarda ulashing
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring Kirish